Yangiliklar
Davlat qarzini boshqarish — dolzarb vazifa
  • 12.03.2021
  • 1447

  Davlat qarzining kelib chiqish sabablari, uning miqdoran oshib yoki kamayib borishi har bir mamlakatning iqtisodiy siyosati, islohotlar qamrovi va dinamikasi bilan uzviy bogʻliq.

  Keyingi oʻn yillikda dunyo mamlakatlarida tashqi qarzga boʻlgan talab nisbatan oshganligi hamda davlatlar oʻrtasida bu borada tafovutlar kuchayganligining bir qancha sabablari bor. Ulardan eng muhimlari sifatida jahon moliyaviy inqirozining kelib chiqishi, ayrim mamlakatlarda ijtimoiy muammolarning keskinlashuvi, iqtisodiy xavf­sizlik masalalari, iqtisodiy qudrat bilan ijtimoiy ­talablar oʻrtasidagi nomutanosibliklar, moliyaviy manbalardan nooʻrin foydalanish natijasida byudjet taqchilligining oshib ketishi, favqulodda vaziyatlar, xususan, koronavirus pandemiyasi kabi omillarni keltirish mumkin.

  Dunyo mamlakatlarida vaziyat qanday?

  Dunyoda davlat qarzi ­masalasini chetlab oʻtib, ­rivojlanishga erishgan mamlakatni topish qiyin.

  Odatda, davlat qarzi va uning dinamikasiga baho berilganda qarzning yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati oʻrganiladi. Ushbu koʻrsatkichning eng yuqori chegarasi Maastrixt (1992-yil 7-fevralda Niderlandiyaning Maastrixt shahrida imzolangan) kelishuvi mezonlariga koʻra, 60 foiz, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Yevropa Ittifoqining koʻrsatmalariga muvofiq 50 foizdan ­ortmasligi tavsiya qilinadi.

  Agar dunyodagi tashqi qarz geogra­fiyasiga nazar tashlansa, davlat qarzining nisbiy va absolyut qiymatlariga koʻra eng yuqori daraja AQSH, Yaponiya, va Yevropa Ittifoqi (YEI) mamlakatlariga toʻgʻri keladi. Ularning aksariyatida mamlakat tashqi qarzi YAIMga nisbatan 60 foizlik “qizil chiziq”dan allaqachon oshib boʻlgan, ayrimlarida esa 100 foizdan ham ortiqligini kuzatish mumkin. AQSH hamda YEI mamlakatlari qarzni koʻproq tashqi bozorlardan olishni maʼqul koʻrsa, Yaponiya va ildam rivojla­nayotgan mamlakatlar (Xitoy, Hindiston hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari) ichki bozordan olingan qarzlar hisobiga iqtisodiyotning moliyaviy resurslarga boʻlgan talabini qondiradi. Ushbu mamlakatlar iqtisodiyotiga jalb qilinayotgan investitsiya mablagʻlarining aksariyat qismi korporativ qarzlar hissasiga toʻgʻri keladi.

  Tashqi qarz “oldi-berdi”si jahon amaliyotida keng qoʻllanilib kelayotgan moliyaviy vositalardan boʻlib qolayotganligiga qaramasdan davlat byudjeti kamomadini toʻldirishda undan foydalanishning xavf-xatarlarini ham xolisona eʼtiborga olish lozim. Rivojlanayotgan davlatlar uchun tashqi qarz ulushining keskin koʻtarilishi xalqaro moliyaviy tuzilmalarga nisbatan iqtisodiy va siyosiy qaramlikni keltirib ­chiqarishi yoki kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, qarz miqdorining koʻpayishda davom etishi davlat tomonidan qarzlarni qaytarishda byudjet yukining ortib borishiga sabab boʻladi. Bundan ­tashqari, korporativ qarzlarning ichki va tashqi bozorlardan jalb qilinishi hamda samarasiz loyihalarga sarflanishi yoki makroiqtisodiy konyunkturaning (masalan, inflyatsiya darajasi, iqtisodiy oʻsish surʼati, milliy valyuta kurslari) keskin oʻzgarishi natijasida iqtisodiyotda salbiy holatlar yuzaga keladi.

  Oʻzbekistonga xos jihatlar

  Moliya vazirligining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, 2021-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzi jami 23,3 mlrd. dollar ekvivalentiga yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 40,4 foizga yetdi. Xususan, ushbu qarzlarning 21,1 mlrd. dollarga yoki YAIMga nisbatan 36,5 foizga teng qismini davlat tashqi qarzi tashkil qiladi.

  Davlat qarzining soʻnggi uch yildagi oʻsish dinamikasi YAIMdagi ulushiga nisbatan olganda 19,5 foizdan 40,4 foizgacha, tashqi qarz esa 12,7 foizdan 36,5 foizgacha ortganligini kuzatish mumkin. Shu oʻrinda davlat ichki qarzi 6,8 foizdan 3,9 foizgacha qisqargan. Davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz oʻsishida kuzatilayotgan yuqori dinamikaga qaramasdan ushbu qarz miqdorlari xalqaro meʼyorlarga koʻra mamlakatimizda moʻtadil darajada saqlanib qo­layotganligini xalqaro moliyaviy tashkilotlar ekspertlari ham eʼtirof etmoqda. Lekin keyingi 3-4 yil ichida Oʻzbekistonning davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz nega bunchalik tez surʼatlarda oʻsib ketganligi koʻpchilikni qiziqtirayotgani bejiz emas. Bunday oʻsish surʼatlarining biz bilgan va bilmagan bir qancha sabablari bor.

  Eng avvalo, keyingi toʻrt yilda iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlarga yangicha tus berilganligi, tadbirkorlikni nomigagina emas, balki amalda qoʻllab-quvvatlash, valyuta operatsiyalarini erkin amalga oshirish imkonining yaratilishi, tashqi savdoda eksport-import jarayoni shartlarining yengillashtirilishi va iqtisodiyotni liberallashtirishning boshqa bir qancha omillari evaziga mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya faolligi keskin oshdi. Natijada iqtisodiyotning energetika mahsulotlari (neft, gaz, elektr energiyasi) hamda transport xizmatlariga boʻlgan talab kuchaydi. Shu tufayli ham keyingi toʻrt yilda energetikaning neft va gaz, elektr energiyasi hamda transport sohalarida ishlab chiqarish infrastrukturasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirishga oid bir qancha loyihalar xalqaro moliyaviy tashkilotlar koʻmagida amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlarga deyarli 8 mlrd. AQSH dollari ekvivalenti miqdorida yoki tashqi qarzning 38 foizi yoʻnaltirilgan.

  Shuningdek, qishloq xoʻjaligida bevosita davlat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, sohani modernizatsiya va diversifikatsiyalashga qaratilgan loyihalar ijrosi uchun ishlatilgan davlat tashqi qarzi mablagʻlari 2,2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻldi. Davlat tashqi qarzining 10 foiziga teng bu mablagʻlar qishloq xoʻjaligida sugʻorish, agrotexnika, urugʻchilik, seleksiya, yer unumdorligi va meliorativ holatini yaxshilash bilan bogʻliq eng muhim loyihalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga sarflanganini anglatadi.

  Davlat tashqi qarzi tez surʼatlarda oshishining yana bir jihati xalqimizning farovon hayotini taʼminlash bilan bogʻliq. Aholining yashashi, uy-joy sharoiti, suv taʼminoti, kanalizatsiya va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida mamlakatimizda koʻplab muammolar yigʻilib qolganligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, muhtoj oilalarni uy-joy bilan taʼminlashda oxirgi toʻrt yilda misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, bu borada vaziyatni keskin oʻzgartirish uchun davlat koʻmagida bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka tizimini takomillashtirish, shuningdek, davlat tashabbusi bilan katta miqdordagi sarmoyalar kiritish talab etiladi. Ichki imkoniyatlar cheklanganligi uchun 2020-yilning yakuni boʻyicha jami davlat tashqi qarzining 11 foizi yoki 2,3 mlrd. dollar ekvivalentidagi mablagʻlar uy-joy va kommunal xoʻjaligi sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.

  Bundan tashqari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya va boshqa sohalar uchun ham tashqi qarz hisobidan 2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentida mablagʻlar jalb etilgan. Shuningdek, 2020-yilda Moliya vazirligi tomonidan umumiy hajmi 750 mln. dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarning ikkinchi transhi ilk bor milliy ­valyutamiz — oʻzbek soʻmida 2 trln. soʻm miqdorida London qimmatbaho qogʻozlari bozorida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Ushbu obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, kambagʻallikka qarshi kurashish, sogʻlom turmush tarzini va sifatli taʼlimni targʻib qilish, gender tengligi taʼminlanishini jadallashtirish, toza ichimlik suvidan foydalanish imko­niyatlarini yaratish, munosib mehnat sharoiti va iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash hamda infratuzilma barqarorligini oshirishga qaratilgan rivojlanish loyihalari uchun yoʻnaltirilmoqda.

  Kapital bozori rivojlanishi kerak

  Ichki bozorda joylashtirilgan davlat qimmatli qogʻozlari 2018-yildagi qariyb 0,6 trln. soʻmdan 2020-yilda 5,0 trln. soʻmgacha oshganiga qaramasdan keyingi uch yil ichida davlat qarzida ichki qarzlar miqdori 4,0 mlrd. AQSH dollari ekvivalentidan 2,2 gacha yoki YAIMga nisbatan foizda 6,8 foizdan 3,9 foizgacha qisqarganligini koʻrish mumkin.

  Davlat qarzining tarkibida ichki qarz­lar salmogʻi yil sayin nisbatan kamayib borayotganligi kapital bozorining rivojlanish darajasi va bugungi kundagi holati bilan bogʻliq. Kapital bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi uchun ham respublika byudjetida taqchillikni moliyalashtirishda qimmatli qogʻozlarga boʻlgan ehtiyoj moliya bozoridagi ichki talabdan kelib chiqib nisbatan past darajada belgilan­moqda.

  Davlat qimmatli qogʻozlarini koʻproq muomalaga chiqarish orqali ichki qarz ulushini orttirib borish tezda hal boʻladigan masala emas. Buning ustida Moliya vazirligi Xalqaro valyuta jam­gʻarmasi, Jahon banki va AQSH gʻaznachiligi bilan hamkorlikda davlat qarz portfelini diversifikatsiyalash borasida ish olib bormoqda.

  Albatta, ichki moliyalashtirish manbalaridan keng foydalanish hamda davlat qimmatli qogʻozlar bozorini faollashtirish valyuta xatarlarini ka­maytirish imkonini beradi. Shu maqsadda mahalliy va xorijiy investorlarni davlat hamda korporativ qimmatli qogʻozlarini ichki moliya bozorlarida joylashtirish orqali jalb etish imkoniyatlaridan keng foydalanish Oʻzbekistonda kapital bozorini jadal rivoj­lantirish zarurligini koʻrsatmoqda.

  Boshqarishning yangi mexanizmlari

  «2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz koʻrsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan. Shuning­dek, 2021-yil uchun ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd. dollar, shundan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun 2,2 mlrd. dollar (shu jumladan, davlat qimmatli qogʻozlari 5 trln. soʻm), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 3,3 mlrd. dollar miqdorida belgilangan.

  Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan qarz mablagʻlarini jalb qilishda konservativ yondashuvga tayangan holda xatarlarni boshqa­rish tamoyillarini qoʻllash borasida ­tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Davlat tashqi qarzining manbalari diversifikatsiyalangan boʻlib, tashqi qarz portfelida xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilgan qarz hajmi 10,1 mlrd. dollarni tashkil etadi. Xususan, tashqi qarzning asosiy qismi Osiyo ­taraqqiyot banki (5,0 mlrd. dollar), Jahon banki (3,7 mlrd. dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd. dollar) hissasiga toʻgʻri keladi. Xorijiy davlatlar moliya tashkilotlarining davlat ­tashqi qarzidagi ulushi 44,0 foizni tashkil qilmoqda.

  Davlat qarzini samarali boshqarish maqsadida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan hamkorlikda 2020 — 2022-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzini ­boshqarish strategiyasi ishlab chiqilgan. Strategiya doirasida davlat qarzini diversifikatsiyalash hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida Davlat byudjeti taqchilligini, avvalo, davlat qimmatli qogʻozlarini ichki bozorda joylashtirish va suveren xalqaro obligatsiyalarni xalqaro moliya bozoriga joylashtirish orqali qoplash borasida aniq vazifalar belgilanib, amalga oshirilmoqda.

  Davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarzni doimiy monitoring qilish maqsadida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzi barqarorligi tahlili amalga oshirildi. Shuningdek, ilk bor «2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonun bilan davlat qarzi miqdorining yalpi ichki mahsulotga nisbatini 60 foizdan oshirmaslik belgilandi.

  Bundan tashqari, davlat qarzini jalb qilish va ishlatilishi boʻyicha shaffoflikni taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Xususan, davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilgan va yakunlangan barcha loyihalar majburiy tartibda Hisob palatasi tomonidan auditdan oʻtkazilishi hamda Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida muhokama qilib borilishi tizimli yoʻlga qoʻyiladi.

  Shuningdek, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va AQSH gʻaznachiligi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat qarzi toʻgʻrisida»gi qonuni loyi­hasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasida deputatlar muhokamasiga kiritilishi kutilmoqda. Ushbu qonun loyihasida davlat ichki va tashqi qarzlari tasnifi, davlat boshqaruvi organlarining davlat qarzini jalb qilish va boshqarish sohasidagi vakolatlari, davlat korxonalari tomonidan qarz mablagʻlarini jalb qilish, davlat qarzi boʻyicha limitlar hamda ularni oʻrnatish qoidalari, shartli majburiyatlarni boshqarish, davlat qarziga oʻz vaqtida va toʻliq xizmat koʻrsatilishi hamda uni boshqarishda shaffoflik va maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash kabi masalalar aks ­ettirilgan.

  Har bir davlat oʻz milliy strategiyasiga ega boʻlishi zarur

  Dunyoning ayrim mamlakatlarida ­tashqi qarzning kritik darajasi yuqo­rilab borayotganligi nafaqat mamlakatlar iqtisodiy xavfsizligi, balki dunyo iqtisodiyoti barqarorligi nuqtayi nazaridan ham xavf-xatarlar keltirib ­chiqarayotganligi bor haqiqat.

  Bir qator rivojlangan va jadal rivojlanayotgan mamlakatlar umumiy qarz majburiyatlarida nafaqat davlat qarzining, balki tijorat banklari va korporativ sektorning qarzlari keskin oshib ketishi iqtisodiyotda jiddiy muammolarni keltirib chiqarganligi jahon moliyaviy inqirozi avj olgan paytida YEIning Gretsiya, Portugaliya, Ispaniya kabi mamlakatlari misolida kuzatildi. Ushbu mamlakatlar tajribasi qarz­dorlik darajasini doimiy nazorat qilish, qarzlarning nooʻrin oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, tashqi va ichki qarz­larni samarali boshqarishda har bir davlat oʻzining milliy strategiyasiga ega boʻlishi zarurligini koʻrsatadi.

  Oʻzbekiston sharoitida ichki kapital bozori endi shakllanayotgan paytda tizimli islohotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda hozircha yagona muqobil manba — tashqi qarz boʻlib qo­layotganligini hisobga olgan holda mamlakatning investitsiya va qarz bozorining moliyaviy dastaklari hamda mexanizmlarini tezroq ishga solish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Bunda aholining qoʻlidagi mablagʻlarni iqtisodiyotga samarali jalb qilish muhim vazifadir. Ayni paytda aholi ixtiyorida 10 mlrd. AQSH dollari miqdorida mablagʻlar mavjudligi taxmin qilin­moqda.

  Masalan, hozirgi paytda ayrimlarning oʻz sarmoyasini saqlash maqsadida Toshkent shahrining eng nufuzli hududlaridan, ehtiyoji boʻlmasa ham uy-joylar sotib olayotganligini hisobga ­olsak, ushbu taxminlar nooʻrin emasligiga ishonch hosil qilish mumkin. Shunday ekan, ushbu mablagʻlarni iqtisodiyotimizga samarali investitsiya sifatida jalb qilish davlatning tashqi qarzlarga boʻlgan talabini bir oz boʻlsa ham qisqartirgan boʻlar edi. Buning uchun aholining qimmatli qogʻozlarga boʻlgan ishonchi va ishtiyoqini oshirish maqsadida maxsus qimmatli qogʻozlarni chiqarish va tijorat banklari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyatlarini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bunday amaliyotni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish kapital bozori rivojlanishining dastlabki bosqichida real iqtisodiyotni moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlashda hamda Davlat ­byudjetining taqchilligini qoplashning samarali vositasi sifatida xizmat qiladi.

  Qisqacha aytganda, davlat qarzi va tashqi qarz masalasida Oʻzbekiston jiddiy muammolarga toʻqnash kelmaganligi, eng avvalo, Prezidentimizning uzoqni koʻzlab olib borayotgan iqtisodiy siyosatining natijasidir. Davlat qarzini boshqarishning milliy strategiyasida belgilangan vazifalar Prezidentimiz tomonidan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bilan hamohang boʻlib, unda tashqi qarz portfelini optimallashtirish va ichki qarz bozorini rivojlantirish evaziga ichki mablagʻlarni iqtisodiyotning eng ustuvor yoʻnalishlari hamda dolzarb loyihalariga qa­ratish strategik ahamiyat kasb etgan. Buning tasdigʻini xalqaro moliya tashkilotlari monitoring guruhlarining ­berayotgan xulosalaridan ham topish mumkin.

Sharofiddin NAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori.

Manba: https://xs.uz/uz/51990

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

 

>