Yangiliklar
ENERGIYA TEJAMKORLIGI: DOLZARB MAVZUGA MAKTAB O‘QUVCHILARI BEFARQ EMAS!
  • 26.09.2019
  • 1544

   Bugungi hayotimizni elektr energiyasiz tasavvur etishning o‘zi mushkul. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy ehtiyoj 2030-yilga borib o‘tgan 2018-yilga nisbatan 1,7 barobar ortadi. Agar aholining turmush darajasi oshib borayotganini hisobga olsak, yaqin 10 yil ichida elektr energiyaga bo‘lgan talab qariyb 2 barobar oshishi hech gap emas...

5555

 

   Elektr energiya ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazishda muqobil energiya turlarining salmog‘ini yildan-yilga oshirib borish — bugungi kunda energetiklar oldida turgan dolzarb masalalardan biri. Xabaringiz bor, mamlakatimizda AES, fotoelektr stansiyasi va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Alohining o‘sish sur’ati, turmush darajasi va iqtisodiyotda sanoatning ulushi oshib borayotgan O‘zbekistonda energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalari ham o‘ziga dolzarblik kasb etayotgani rost.

 

   Mazkur masalaga OAV vakillarini jalb qilish, iste’mol madaniyatini maktabgacha tarbiya yoshidan boshlab, maktab o‘quvchilari o‘rtasida shakllantirib borish — bugungi kun talabi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar qatorida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ham bu borada taklif va mulohazalar keng jamoatchilik e’tiboriga tashlanmoqda, turli tadbirlar o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

 

   Bugun, 26-sentyabr kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumanida joylashgan 17-sonli umumta’lim maktabining 6-j-sinf o‘quvchilari O‘zbekiston energetiklarini o‘zlarining ma’naviy-ma’rifiy tadbiriga taklif etishdi. Shunisi quvonarliki, tadbir ilgari pedagoglar jamoasi va maktab o‘quvchilari tomonidan unchalik ham e’tibor berilavermagan «Elektr energiya va tabiiy gaz iste’molida tejamkorlik» mavzusiga bag‘ishlangan!

   Oilada, jamoat joylari va ta’lim maskanida energiya tejamkorligini turli sahna ko‘rinishlari hamda o‘zbek, rus va ingliz tilidagi she’rlar yordamida ifodalagan maktab o‘quvchilari o‘z tengdoshlarini energiya resuslaridan oqilona foydalanishga chaqirishdi. Energiya tejamkorligi bu o‘z ehtiyojlarini chegaralash yoki cheklash emas, iste’mol madaniyati ekanligini badiiy chiqishlar orqali namoyish etildi.

 

   «Elektr energiya va tabiiy gaz iste’molida tejamkorlik» mavzusidagi ochiq dars «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining mahorat darsiga ulanib ketdi. Dadajon Isaqulov maktab o‘quvchilariga energiya samaradorligi va tejamkorligi nima ekanligi, bu ikki tushunchaning qanday farqi borligi, elektr energiyasi qanday ishlab chiqilib, iste’molchilarga qanday yetkazilib berishi haqida gapirib berdi.

 

   Interaktiv ruhda o‘tgan tadbir davomida mavzuga oid multfilm namoyi etildi, o‘quvchilarning qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari hayotiy misollar bilan javob qaytarishdi. Tadbir davomida o‘quvchilar va ularning o‘qituvchi-murabbiylariga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari: badiiy kitoblar, o‘quv qurollari hamda «O‘zbekiston MET» AJ logotipi tushirilgan kepkalar ulashildi.

 

   Tadbir so‘nggida Yunusobod tumani 17-umumta’lim maktabining direktori Gulnoza Hamzayevna va 6-sinf rahbari Sayyora Tadjiyeva «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulovga minnatdorlik bildirib, maktab jamoasi nomidan tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etishdi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>