Yangiliklar
Tadbirkorlikni jadal va yanada keng rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish – eng muhim vazifamizdir
  • 21.08.2021
  • 660

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so‘zlagan nutqi

 

  Hurmatli tadbirkorlar va uchrashuvimiz ishtirokchilari!

  Avvalambor, bugun barchangizni sog‘-salomat va ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan behad xursandman.

  Hech shubhasiz, keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

  Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom ma'nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.

  Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishini ta'kidlash lozim. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani uning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu boisdan ham agar biz iqtisodiyotimizni, ijtimoiy sohani yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

  Albatta, keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berildi.

  Eng asosiysi, el-yurtimiz o‘rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘si va mavqyei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi.

  Masalan, birgina Namangan viloyatida – “Chust Textile” (aka-uka Ismatullayevlar), “Art Soft Holding” (aka-uka Boboxonovlar), Toshkent shahrida – “Techno export” (Sherzod Qosimov), Toshkent viloyatida – “New Way Industries” (Sardor Abbosxonov), Samarqandda – “Oxalik Oltin Bog‘i Mevasi” (Olim Soliyev) kabi korxonalar o‘z faoliyatini “nol”dan boshlab, hozirgi kunda 10-15 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda. Ayni paytda ularning har biri minglab ish o‘rinlarini yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylangani diqqatga sazovordir.

  Ta'kidlash kerakki, bunday yuqori samarali faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar har bir hududda ko‘plab topiladi. Misol uchun, Andijonda – “Dinar tekstil” (Hadiyatillo Tillaboyev), Qashqadaryoda – “Bunyodkor” (G‘olib Erqulov), Sirdaryoda – “Sirdaryo mega lyuks” (Muhiddin Normatov), Farg‘onada – “Fergana global textile” (Mo‘minjon Razaqov), Xorazmda – “Xorazm tex” (Alisher Sobirov), Jizzaxda – “Sangzor tekstil” (Otabek Xo‘jametov), Buxoroda – “Parvoz xumo ravnaq trans” (Shermuhammad Ochilov), Surxondaryoda – “Indenim klaster” (Sherzod Shoymardonov), Navoiyda – “Baht-Textile” (Bahriddin Mo‘minov) kabi korxonalar, qisqa muddatda ishlab chiqarish, eksport va ish o‘rinlarini 10-15 barobar oshirishga erishganini alohida qayd etib o‘tmoqchiman.

  Kamol Abdullayev, Qutlimurat Panayev, Murtazo Rahmatov, Ulug‘bek Sotiboldiyev, Ulug‘bek To‘xtaboyev, Murod Yoqubov, Zafar Hoshimov, Shavkat Jamolov, Murod Nazarov, aka-uka Mamasaidovlar, Farrux Fuzailov, Baxtiyor Azizxo‘jayev, Farhod Mamajanov, Bekzod Mamatqulov, Baxtiyor Umarov kabi nufuzli tadbirkorlarimiz esa o‘z bizneslarini butun mamlakat miqyosida kengaytirib bormoqda.

  Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

  Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni ko‘rib turganimdan benihoya xursandman.

  Biz keyingi 2 yilning o‘zida faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirdik. Ular o‘z biznesini boshlashi, jumladan, kasb va tadbirkorlikni puxta o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

  Namangandan – Anna Dobrix, marg‘ilonlik – Nargiza Aminova, xorazmlik – Shahlo Yo‘ldosheva, Toshkent shahridan – Munira Qoriyeva, Madina Ayupova, Toshkent viloyatidan – Nargiza Bekmurodova, surxondaryolik – Muhabbat Qayumova kabi yuzlab ayollarimiz bugungi kunda el-yurtimizga tanilgan tadbirkorga aylandilar.

  So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda yosh tadbirkorlar 5 barobar ko‘payib, ularning soni 500 mingdan oshdi.

  Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

  Qadrli tadbirkor do‘stlarim!

  Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.

  Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor bo‘lib, o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.

  Ana shunday faol va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga, chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida, birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan minnatdorchilik xatini imzoladim.

  Ana shu tadbirkorlarimizning 50 nafari shu zalda, yana 50 nafari esa hududiy studiyalarda qatnashmoqdalar.

  Fursatdan foydalanib, shunday e'tirofga sazovor bo‘lgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va g‘ayrat-shijoatli tadbirkor va ishbilarmonlarga yana bir bor chuqur tashakkur bildiraman va sizlarning safingiz butun mamlakatimiz bo‘ylab kun sayin kengayib borishiga astoydil ishonaman.

  Aziz yurtdoshlar!

  Bugun ilk bor mutlaqo yangicha formatda – ochiq muloqot shaklida sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, biznes sohasidagi muammo va masalalar haqida batafsil gaplashib olishga qaror qildik.

  Xabaringiz bor, kambag‘allikni qisqartirish, “mahallabay” ishlab, joylarda o‘sish nuqtalarini aniqlash, ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha katta marralarni belgilab olganmiz. Bu borada davlat idoralari va xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlar tadbirkorlar bilan har kuni yaqin hamkorlikda ishlab, ularga amaliy yordam ko‘rsatishi shart.

  Bugungi muloqotga tayyorgarlik jarayonida ko‘plab savol va takliflar tushgani sababli murojaatlarning qabul muddatini 1-avgustdan 10-avgustga qadar, ya'ni 10 kunga uzaytirishga majbur bo‘ldik. Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushdi va shu kungacha joylarda ularning ko‘pchiligi hal etildi.

  Ayniqsa, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ishlar tizimli tashkil qilinib, tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari qisqa fursatlarda hal qilib berilgani, albatta, quvonarli hol.

  Qayerda muhit yaxshi bo‘lsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini to‘g‘ri tushungan bo‘lsa, o‘sha yerda ish uslubi, tadbirkorlarga munosabat o‘zgargan. Aksincha, tadbirkorning dardi bilan yashamagan, ular ko‘targan muammolarning ichiga kirmasdan, ko‘mak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning o‘zi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda o‘rin yo‘q va kelajakda ham shunday bo‘ladi.

  Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari – amaldagi islohotlarimiz ko‘zgusidir. Shu bois har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni o‘zlarining faoliyatiga berilgan baho, deb bilishlari, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mazkur yo‘nalishda keskin o‘zgarishlar qilishlari zarur va shart.

  Tashabbus ko‘rsata olmaydigan, yangi-yangi g‘oyalarni ko‘tarib chiqishga, o‘zgarish qilishga intilishi bo‘lmagan rahbarlarga nisbatan talab va choralar juda qattiq bo‘ladi.

  Hurmatli biznes vakillari!

  Men sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman.

  Bugungi kunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun sizlar bilan birgalikda ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz.

  Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq. Ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

  Masalan, Urgutda elektr texnikasi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Sam Elektro Servis” korxonasi ikki yarim milliard so‘m kreditni 3 yil muddatga olgani, korxona foyda bilan ishlashi uchun esa, unga kamida 5 yil muddat kerakligini ta'kidlagan.

  Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

  Shuningdek, banklar tomonidan 18 mingga yaqin tadbirkorga yillik 8-10 foizda xorijiy valyutada berilgan kredit, valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobidan, qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida og‘ir yuk, to‘siq bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda. Shu bois tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.

  Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari bo‘yicha qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

  Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablag‘lar ana shu banklarga ajratiladi.

  Ikkinchidan, yuqorida qayd etilgan mablag‘larni jalb etmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 5 trillion so‘mlik yevrobondlar chiqariladi.

  Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor, zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lgan yirik xorijiy banklarning yurtimizga kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.

  Bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari “tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib bo‘lish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun nimani o‘zgartirishim kerak”, degan savolni o‘ziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim.

  Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qat'i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so‘m”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

  Xorijiy valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar. Shu bois Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘tkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.

  Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.

  To‘rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

  Ushbu masala yechimiga Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov shaxsan mas'ul bo‘ladi.

  Beshinchidan, joriy yil 1-oktabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.

  Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobidan tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi. Buning hisobidan tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

  O‘ylaymanki, bunday yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojiga kuchli turtki beradi.

  Hurmatli tadbirkorlar!

  Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin kredit bo‘yicha foiz stavkalarini sun'iy pasaytirsak, pul-kredit bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

  Bu borada foiz stavkalariga bevosita ta'sir etadigan inflyasiyani, yana takror aytaman, inflyasiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

  Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa, yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.

  Umuman, inflyasiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.

  Oltinchidan, islohotlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta'minotchini qaerdan topaman, deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.

  Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish va sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn shaklida hal etiladi. O‘z navbatida, ushbu platforma ta'minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion so‘mlik bozor yaratadi. Ya'ni, ta'minotchilar uchun o‘zlari ishlab chiqargan asbob-uskunalar, xomashyo va tayyor mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyati yaratiladi.

  Iqtisodiy kompleks rahbarlari – Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni atroflicha tushuntirib, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishlari zarur. Bu borada ishni mahallabay tashkil etish bo‘yicha Andijon tajribasini butun mamlakat bo‘ylab keng qo‘llash lozim bo‘ladi.

  Yettinchidan, ko‘plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida bankdan tashqari kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo‘lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so‘ralgan. Bu masala Andijondan “Almaz Finans” korxonasi rahbari Olimjon Oxunov va Jizzaxdan “Diamond-N Trade Capital” korxonasi rahbari Sherzod Soatovning murojaatlarida ham ko‘tarilgan.

  Bu takliflar bizga juda ma'qul. Shuning uchun joriy yil 1-oktabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi ular o‘z faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reestriga kirishlari kifoya.

  Shuningdek, bundan buyon ularga kassa uchun xonalar tashkil etish, hududlarda filiallar ochishda Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi. Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so‘m) va mikrolizing (600 million so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.

  Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb etish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar, xuddi banklar kabi, to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo‘ladi.

  Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 10 trillion so‘m mablag‘ shakllanadi.

  Ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirishga oid.

  Ma'lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi.

  Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat'i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan.

  Byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobidan 7 mingga yaqin korxonalar har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldi. Masalan, birgina “Andijonkabel” korxonasi ixtiyorida 11 milliard so‘m, “Lactalis Agro” qo‘shma korxonasida esa 3 milliard so‘m mablag‘ qoladigan bo‘ldi.

  Mol-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi.

  Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

  Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi. Lekin soliq stavkalari va soliq ma'murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali juda ko‘p.

  Birinchidan, o‘tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, deb bezovta bo‘lmoqda. Ushbu masalada maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo‘lgan Sirdaryodan – “AWP” qo‘shma korxonasi (Komil Mirzayev), Toshkent viloyatidagi – “Steel Pipe Company” (Azizxon Hafizxonov) kabi 70 dan ziyod korxona vakillari murojaat qilgan.

  Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Bunga qonun bilan kafolat berilgan. Jumladan, ushbu tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan edi.

  Endi ushbu imtiyozlarga foyda solig‘i ham qo‘shiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Masalan, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Temur Med Farm” korxonasi o‘tgan 6 oyda 4 milliard so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda esa kamida shuncha mablag‘ uning o‘zida qoladi.

  Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi. Misol uchun, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Jizzax Toshtepa Textile” korxonasi mahsulotini to‘liq eksportga sotadi. Bu imtiyoz evaziga ushbu korxona olib kelgan 1 million dollarlik xomashyo va yarim tayyor mahsulotga 2,2 milliard so‘mlik bojxona imtiyozi beriladi.

  Ayni paytda bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha katta islohotlarni olib boryapmiz. Shu bois maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bunday tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.

  Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.

  Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

  Mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha Toshkent shahridagi “Shah-Polan M”, Farg‘onadagi “Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” kabi 50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan. Masalan, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shag‘al aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.

  Shu bois noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Buning hisobidan 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Masalan, “Huaxin Cement Jizzakh” qo‘shma korxonasi o‘z ixtiyorida qolgan 27 milliard so‘m mablag‘ni o‘z faoliyatini yanada kengaytirishga sarflashi mumkin bo‘ladi.

  Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Qisqa muddatda yangi ish o‘rinlarini yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.

  Mana, pandemiya hanuz davom etyapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik og‘ir bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz, albatta.

  Bu borada umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan o‘tgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shu bois jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari bo‘yicha to‘lov muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

  Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar? Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qoladi, degani.

  To‘rtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud.

  Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va hozirgi paytgacha qo‘llangan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.

  Beshinchidan, soliq ma'murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.

  Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub'ektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.

  Hozirgi vaqtda 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.

  Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.

  Shuningdek, soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani meni xavotirga solmoqda. O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llangan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan.

  Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev, adliya vaziri R.Davletov, Biznes-ombudsman D.Qosimov bir oy muddatda soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

  Oltinchidan, amaldagi tartibga binoan, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobot topshirish bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.

  Moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev bu masalani chuqur o‘rganib, kelgusi yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.

  Yettinchidan, “SAG Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachyot”ga olish, ya'ni o‘zaro hisob-kitob qilish imkoniyatini so‘ragan.

  “SAG Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million so‘m ortiqcha to‘lovi bo‘laturib, bojxonada 1,4 milliard so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi. Ya'ni, soliq idoralarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lovlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘ladi.

 

  Batafsil:

  https://president.uz/uz/lists/view/4551

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>