OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Energetika vazirligi O‘zbekistonning diplomatik korpus vakillariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini taqdim etdi
  • 20.12.2021
  • 273

  Joriy yilning 17-dekabr kuni Energetika vazirligida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar xalqaro kompaniyalarning qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari tenderlarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

 


  Xususan, O‘zbekiston Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjaev yaqin vaqt ichida Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini (QFES) qurish bo‘yicha tender e'lon qilinishini ta'kidladi. Tender Osiyo taraqqiyot bankining maslahat ko‘magida “ADB SOLAR-2” loyihasi doirasida o‘tkaziladi. Bugungi kunga kelib OTB texnik maslahatchilari tegishli maydonlarda tadqiqot ishlarini olib bormoqda va tender e'lon qilish uchun loyiha hujjatlarini tayyorlamoqda.

 


  2022-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) maslahat ko‘magida “Karatau wind-2” loyihasi doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini (SHES) qurish bo‘yicha tender e'lon qilishni rejalashtirmoqda. Bugungi kunda tender e'lon qilish uchun loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda va YETTB maslahatchilari bilan tegishli maydonda shamol salohiyatini o‘lchash ustida ishlar olib borilmoqda.

  Tender savdolari ikki bosqichdan iborat: manfaatdor potensial investorlarning malakasini aniqlash (RfQ) bo‘yicha so‘rov (1-bosqich) va tenderning 1-bosqichidan o‘tgan ishtirokchilar tomonidan raqobatbardosh (narx) takliflar (RfP) taqdim etish (2-bosqich).

 
 
 
 
 
 

  Xususan, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasi doirasida tender o‘tkazilmoqda. Mazkur tenderning birinchi bosqichi (RfQ) 2021-yilning 31-avgustidan 30-noyabriga qadar bo‘lib o‘tdi. Ayni paytda malaka olish uchun ariza topshirgan 15 ta kompaniya bo‘yicha hujjatlar baholanmoqda. Natijalar sarhisob qilingach, RfQ dan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi, bunda ularning tarif (narx) takliflari baholanadi. Ushbu tender Energetika vazirligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi maslahat ko‘magida “Scaling Solar 3” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.

 
 

  Uchrashuvda Energetika vazirligi mutaxassislari O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining savollariga javob berib, mamlakatimizda so‘nggi 3-4 yil davomida faol amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish loyihalarida turli mamlakatlar kompaniyalari ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.

 

 

 
 


  O‘zbekiston Respublikasi
  Energetika vazirligi Matbuot xizmati

  https://minenergy.uz/uz/news/view/1680

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>