Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: “Bizning korxona hududidan yuqori quvvatli elektr tarmoqlari o‘tgan...”
  • 18.10.2022
  • 366

Murojaat egasi: Abdurasulov Shukrullo Abror o‘g‘li, “GEOEKOSTART” MChJ

Elektron pochta: komp700@gmail.com

Murojaat mazmuni:  Bizning korxona Toshkent viloyati, Toshkent tumani, “Sabzavot” MFY, Choshtepa ko‘chasi, 71-uyda joylashgan. Korxona hududidan yuqori quvvatli elektr tarmoqlari o‘tgan.

1) Ushbu tarmoqlarning bino-inshootlar bilan orasidagi muhofaza hududi haqida batafsil ma'lumot berishingiz so‘raladi.

2) ushbu tarmoqlarni korxona hududidan boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha amaliy yordam berishingizni so‘rayman.

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Shukrullo Abror o‘g‘li! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining "Murojaatlar" rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi.

Avvalo, “GEOEKOSTART” MChJ hududidan o‘tgan deb talqin etilayotgan yuqori quvvatli tarmog‘i qanday kuchlanishda ekanligi murojaatda keltirilmagani uchun masala biroz mavhumroq. So‘ngra, ma'lumot o‘rnida, 10, 35 va 110 kV kuchlanishi elektr tarmoqlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ balansida, kam holatlarda 110, asosan 220–500 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ balansida bo‘ladi.

Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining himoya zonasi, qaysi korxona tasarrufida bo‘lishidan qat'iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son "Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bilan tartibga solinadi.

Batafsil: https://lex.uz/docs/4133978

Qo‘shimcha ma'lumot: AOKAda brifing: «Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostidagi yer maydonlarining himoya zonasi» https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/1005

 

Misol uchun:

2-bob, 15-band:  Muhofaza zonalarida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ishlashining buzilishi, shu jumladan … , shuningdek ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish, jumladan:

a) elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash, shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish;

b) ... elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish;

v) … elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish;

g) ... ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish;

d) axlatxonalarni joylashtirish;

ye) ... yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va quyish (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.

 

3-bob. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish

13. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinadi.

14. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalari quyidagicha o‘rnatiladi:

a) elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab — chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab (havo elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi) quyidagi masofadagi parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi ko‘rinishida kuchlanishi:

⚡ 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;

⚡ 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 20 metr;

⚡ 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 25 metr;

⚡ 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 30 metr!

 

Batafsil: https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/2531

Hurmatli fuqaro, Shukrullo Abror o‘g‘li! Sizga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari bog‘lanib, zaruriyat bo‘lsa, ko‘rsatilgan manzilga tashrif buyurib, batafsil ma'lumotlar taqdim etishadi.

Mutaxassislardan javob: «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali Sizning 2022-yil 18-oktabrdagi 01-12-21/431-sonli xatingizga javoban shuni ma'lum qiladiki, murojaatda ko‘rsatilgan manzilda “Toshkent MET” filiali balansida bo‘lmagan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i o‘tgan. Ikki zanjirli 110 kV L-DOK- 1,2 havo tarmoqlari "Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi" AJ (hyet.uz) balansida ekanini ma'lum qilamiz.

O‘.Ahmedov, «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali bosh muhandisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>