OAV va jamoatchilik bilan ishlash
D.A.Isaqulov: Energetika sohasida erkin bozor munosabatlariga o‘tish — muammolar yechimida zarur omil (O‘zA)
  • 21.12.2022
  • 274

Munosabat

Prezidentimizning Oliy Majlisga, butun O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini  tingladik. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida energetika sohasiga, uni isloh etish uchun birinchi galdagi vazifalarga qayta-qayta to‘xtalib o‘tdi.  

“Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda. Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak”,–dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.  

Shu o‘rinda davlat rahbari sohadagi eng og‘riqli nuqtani topib aytdi. Bu energiya tejamkorligi va samaradorligi masalasi. 

“Eng muhim masala — energiya resurslaridan samarali foydalanish. Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun, energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz. Energetika sohasida erkin bozorga o‘tishimiz shart. Agar erkin bozorga o‘tmasak, bizga investor kelmaydi”, deya aytib o‘tdi Prezident.  

Davlatimiz rahbari, shuningdek, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolmagani, ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani, oqibatda tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgani haqida kuyunib gapirdi. Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paygani, natijada elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshib, yildan-yilga ko‘payib borayotgani alohida e’tirof etildi.  

Keling, shu o‘rinda elektr energetika tarmog‘ida, xususan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.  

bugungi kunda jamiyat balansida bo‘lgan jami 11 ming 678 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlari hamda umumiy quvvati 26 729,6 MVA bo‘lgan 84 ta 110–500 kV kuchlanishli podstansiyalar orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalardan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga quvvat yetkazib berilmoqda.  

Oxirgi uch yillik ichida barcha yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj, ta’mirlash-sozlash ishlari jadal sur’atlarda olib borildi. Shuningdek, ishchi-xodimlarga lozim mehnat sharoitlari yaratildi, ularning kasbiy malakasi, bilim-salohiyati oshirildi.  

Misol uchun, 2017–2021 yillarda umumiy uzunligi 1100 kilometr bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 2 ta yangi, 220 kV (kilovolt) kuchlanishli “Sirg‘ali” (Toshkent viloyati) hamda “Amir Temur” (Qashqadaryo viloyati) podstansiyalari qurib, ishga tushirildi. Bundan tashqari, Jahon banki ko‘magida respublika bo‘ylab 22 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalarda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilib, natijada podstansiyalarda 2200 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratildi.  

Umumiy oladigan bo‘lsak, 2017–2022 yillarda tizim podstansiyalarida olib borilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari hamda yangi qurilishlar natijasida jami 7283 MVA(megavolt•amper) qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratildi.  

Fransiya va Buyuk Britaniya konsultantlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining energetika tarmoqlarini yagona boshqarish tizimi SCADA joriy qilish bo‘yicha xalqaro tender savdolariga e’lon berildi. Bu loyiha o‘z o‘rnida tizim muammolarining oldini olish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarni qisqa muddatlarda bartaraf etishga xizmat qiladi.  

Shuningdek, Jahon banki ko‘magida jalb qilingan konsultantlar ishtirokida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan ERP tizimini joriy qilish bo‘yicha samarali hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.  

Istiqboldagi rejalarda esa umumiy uzunligi 501 km 220 kV kuchlanishli va 379 kilometr 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i, quvvati 3104 MVA bo‘lgan 3 ta yangi podstansiya qurilishi, 364 km 220–500 kVli havo liniyasi va 26 ta podstansiyada modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini olib borish orqali 1356 MVA qo‘shimcha quvvat yaratish uchun Xalqaro moliya institutlarining 832,7 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli past foizli kredit mablag‘lari jalb qilinib, xalqaro tender savdolarini o‘tkazish jarayonlari olib borilmoqda. Chunonchi, 2023 yilda jami 1038 MVA quvvat yaratish rejalashtirilgan.  

E’tibor bering, bu tizim tashkilotlarining atigi bittasida oxirgi 6 yilda amalga oshirilgan ishlarning bir qismi va yaqin kelajakdagi istiqbolli rejalari, xolos. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin”.  

To‘g‘ri, hali sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bir talay. Muammolar ko‘p. Aynan shularni o‘z vaqtida bajarib, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim.  

Kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishi, ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinishi, buning hisobiga, ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli “yashil energiya”ga o‘tkazilishi – allaqachon amaliyotga tatbiq etilayotgan vazifalar. Bu yo‘nalishda energetika sohasi korxonalari o‘rnak bo‘lishga intilmoqda.  

Misol uchun, joriy yil 10 iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga muvofiq, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi o‘tkazgan ko‘rgazmadagi kelishuvlarga binoan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Solar Nature” korxonasi bilan 28 ta ob’ektga 500 kVt quvvatli quyosh paneli o‘rnatish bo‘yicha umumiy qiymati 5 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan.  

Ayni paytda Markaziy apparat va 7 ta filial ma’muriy binolari tomiga quyosh kollektorlari hamda kichik quyosh elektr stansiyalari o‘rnatildi. Hozirda xo‘jalik sarfiga ishlatilayotgan elektr quvvatining qariyb 30 foizi iqtisod qilinmoqda. 

Prezidentimizning aholi xonadonlarida quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobarga ko‘paytirilishi haqidagi tashabbusi barchamizni quvontirgani rost. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ya’ni “yashil energiya” salmog‘ini oshirish — iqtisodiy barqarorlik, yerosti zaxira boyliklarimizni kelgusi avlodlarga asrash va ekologiyaga yetkazilayotgan zararning kamaytirilishiga erishish demakdir.  

 

Dadajon ISAQULOV,

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik  

jamiyati boshqaruvi raisi.  

O‘zA  

Manba: https://uza.uz/

 

>