Yangiliklar
Energetika vazirligi: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi qurilmalarni xarid qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda
  • 23.12.2022
  • 317

Aholiga energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida, yashil iste’mol kreditlari ajratilishini yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo Energiyani tejash jamg‘armasi va “Asakabank” AJ o‘rtasida 2022-yil 22-dekabrda 65,0 mlrd so‘mlik kredit liniyasini ochish bo‘yicha Bosh kelishuv imzolandi.

Kelishuvga muvofiq Bank Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shamol generatorlari, quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrostansiyalari, biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar, biogaz qurilmalari, boshqa qayta tiklanuvchi energiya manba qurilmalari, energiya saqlash tizimlari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida 5 yil muddatga yashil iste’mol kreditlari ajratish ko‘zda tutilgan.

Yashil iste’mol kreditlarini yuqoridagi maqsadlarga ajratilishi davlatimiz rahbari tomonidan muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish va muqobil energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarini joriy etishni kengaytirish yuzasidan topshiriq va vazifalarning amaliy ijrosi hisoblanadi.

Yashil iste’mol kreditlarining ajratilishi aholining energiya resurslariga tobora oshib borayotgan talabini muqobil energiya manbalari hisobidan qondirishga, iste’mol qilinadigan elektr energiya  xarajatlarini iqtisod qilinishiga, mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof muhitga zararli gazlar ajralishini kamaytirish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida: Bugungi kunga qadar Jamg‘arma tijorat banklari bilan uzaro manfaatli munosabatlarda katta tajribaga ega bo‘lib, bunda ATB “Qishloq qurilish bank”, ATIB “Ipoteka-bank”, AT “Xalq banki” va ATB “O‘zsanoatqurilishbank”lar tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan imtiyozli shartlar asosida yashil kreditlari ajratib kelinmoqda.

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6827

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>