Yangiliklar
Energetika vazirligida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
  • 13.04.2023
  • 273

O‘zbekiston Energetika vazirligida Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Aurelia Bouchez xonim va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda yuqori darajada tashkillashtirilgan davlat tashrifi natijalari alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, Fransiya kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati muhokama qilindi. Xususan:

➖ EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo IES, Qambarota va Chotqol GESlari loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek bino va inshootlar tomlariga quyosh batareyalarini o‘rnatish;

➖ “Total Eren” kompaniyasi tomonidan 2022-yil may oyida Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilganligi, shuningdek Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan yangi stansiyalarga qiziqish bildirayotganligi;

➖ “Voltalia” kompaniyasi Xorazm viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi tenderida g‘olib bo‘lib, hamkorlik aloqalarini boshqa yo‘nalishlarda ham kengaytirish yuzasidan amaliy ishlarni olib borayotganligi qayd etildi.
 

 


Uchrashuv davomida tomonlar “Technip Energies” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar. Tomonlar nafaqat gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish sohasida, balki yoqilg‘i-energetika kompleksining boshqa yo‘nalishlarida ham loyihalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi qo‘shma korxona tashkil etish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar.

Tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini ham muhokama qilib, FromAtom va Assystem kompaniyalarining qiziqishlarini ta’kidlab o‘tdilar.
 

 


Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xorijiy tomonga Voltalia kompaniyasi tomonidan Agrovoltaika sohasida loyihani amalga oshirish va Assystem bilan smart-grid tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2737

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

>