«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
Joriy yilning aprel oyiga qadar Samarqand viloyatida quvvati 100 megavatt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi
  • 11.03.2022
  • 315

10-mart kuni Energetika vazirligi tomonidan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida umumiy quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish maydoniga ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Stansiya 353 gektar yer maydonida barpo etilmoqda va quyosh panellarining umumiy soni 295 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Stansiya hududida barcha infratuzilma ishlari ko‘rilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda quyosh panellarini o‘rnatish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Qayd etish kerakki, mazkur stansiya davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda va joriy yilning aprel oyiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Elektr stansiya ishga tushgach yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

Ahamiyatlisi, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilarning chiqishini oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini bir kun davomida tabiiy gaz bilan ta'minlash mumkin.

 

 

 

 

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritmoqda va stansiya ishga tushgach 25 ta yangi o‘rni yaratiladi.

Loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etib, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yuz foiz investor (“Total Eren” kompaniyasi) tomonidan moliyalashtiriladi.

 

 

Ta'kidlash lozimki, mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.

Ma'lumot uchun: 2023-yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1864

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>