Korrupsiyaga qarshi kurashish
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATIDA «KORRUPSIYA — TARAQQIYOT KUSHANDASI» MAVZUSIDA SEMINAR-TRENINGLAR O‘TKAZILMOQDA
  • 07.11.2020
  • 610

  Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda Angliyaning «Good corporation» kompaniyasi tavsiyasiga asosan «INVESTMENT AND SAPITAL MANAGEMENT» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorligida 2020-yilning oktyabr oyidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining markaziy boshqaruv apparati hamda hududiy filiallarida (Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida) «Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazilib kelinmoqda. Karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda o‘tkazilayotgan mazkur turkum seminar-trening mashg‘ulotlarida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish usullari hamda Jamiyatning komplayens-nazorat tizimi bo‘yicha ko‘rgazmali slaydlar yordamida ma'ruzalar tinglanmoqda.

 

 

  Aniqroq aytadigan bo‘lsak, joylarda o‘tkazilayotgan seminarlarda Jamiyat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha 10 ortiq xalkaro talablarga javob beruvchi ichki hujjatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati, Jamiyatda joriy etilgan komplaens-nazorat tizimining afzalliklari to‘g‘risida xodimlarga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

  Umuman olganda, korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat yoki jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

 
 Bugungi kunda korrupsiya bilan bog‘liq turli xil siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar to‘g‘risida deyarli har kuni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor bo‘lmoqdamiz. Bunday xabarlar orqali dunyo hamjamiyati korrupsiyaning mamlakatlar siyosati, iqtisodiyoti va turmush darajasiga naqadar salbiy ta'sir yetkazayotganligiga guvoh bo‘lmoqda.

 
  2017-yil 4-yanvardan O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kiritilgani korrupsiyaga barham berish uchun tegishli huquqiy asoslarni yaratib berdi. Mazkur qonun ijrosi to‘liq va samarali ta'minlanishi uchun boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ham qabul qilinmoqda.

 

  Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, 2019-yil 27-maydagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2020-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari korrupsiyaga oid davlat huquqiy siyosati yo‘nalishlarini belgilab berdi.

 

  Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash harakati boshlandi, demak, ushbu illatdan aziyat chekmaslik uchun hammamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashishni kundalik vazifamizga aylantirishimiz lozim. Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror toptirish o‘ta dolzarb masala bo‘lib, uning to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun har bir fuqaro o‘zida mas'uliyat his etsa, qo‘yilgan maqsad va muddaolar yechimi paydo bo‘ladi.

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida 2019-yil va 2020-yilning 3-chorak yakunlari bo‘yicha korrupsiya va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari yuzasidan Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki va Angliyaning «Good corporation» kompaniyasi hamkorligida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1-bosqich: Jamiyatda korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus bo‘lim ochildi;

 2-bosqich: Jamiyatda korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha 10 ortiq xalqaro talablarga javob beradigan ichki hujjatlar mas'ul mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilib, Jamiyatning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlandi;

3-bosqich: Jamiyatda qabul qilingan korporativ etika va korrupsiyaga qarshi tizim standartlari to‘g‘risida ishchi-xodimlar seminar-treninglar doirasida xabardor qilindi;

 

    4-bosqich:

    -         Jamiyatda korrupsion risklarni alohida ish jarayonlari doirasida tahlil qilindi;

    -         korrupsion risk yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq ehtimoliy korrupsion risk va lavozimlar ro‘yxatini shakllantirildi;

    -         korrupsiya va unga qarshi kurashish xavflarning har birini minimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida yo‘l xaritasi ishlab chiqildi;

    5-bosqich: Jamiyat faoliyatida korrupsion risklarni baholashning maxsus ishlab chiqilgan metodologiyasi asosida korrupsion komponentning mavjudligi uchun bitimlarning ichki tekshiruvlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etildi;

    6-bosqich: chora-tadbirlar majmuasining to‘rtinchi bosqichida ko‘rilayotgan korrupsiya xatarlarining har birini minimallashtirish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilmoqda va ularning samaradorligi tahlil qilinmoqda.

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati compliance tizimida xodimlar tomonidan qoidabuzarlikni xabar qilish uchun quyidagi ishlar amalga oshirildi:

    •        Maxsus ishonnch telefon raqamlari ajratildi;

    •        Alohida elektron pochta ochildi;

    •        Sovg‘alar va unga tenglashtirilgan qimmatbaxo buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish reestri shakllantirildi.

 

  Shunday ekan, tegishli xulosalar qilishimiz, kelajakni korrupsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun, eng avvalo, o‘zimizni-o‘zimiz tarbiya qilishimiz, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashishimiz zarur. Zero, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi.

  Yuqorida ta'kidlanganidek, yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda Angliyaning «Good corporation» kompaniyasi tavsiyasiga asosan 2020-yilning oktyabr oyidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining markaziy boshqaruv apparati hamda hududiy filiallarida «Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi» mavzusida seminar treninglar o‘tkazilib kelinmoqda.

 

  Misol uchun, 2020-yilning 6-noyabr kuni korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlari o‘rtasida seminar yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

  Ushbu seminarda mamlakatimizda qonun ustivorligi ta'minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirilganligi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratilganligi haqida ma'ruzalar tinglandi.

  Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 3-yanvar kuni «Korrupsiyaga karshi kurash to‘g‘risida»gi qonun imzolangani va bu huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishi alohida ta'kidlab o‘tildi.

 

   Seminar yig‘ilishida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ham bu borada ko‘plab amaliy ishlar qilinayotganligi, taraqqiyot kushandasi bo‘lgan illatga qarshi turish uchun munosib mehnat sharoitlari, faoliyatning ochiqligi va shaffofligi ta'minlanayotganligi alohida e'tirof etildi.

  Nigora Abdullayeva, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi boshlig‘i


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati 

>