Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqarma boshlig‘i Mehri Valiyeva maʼlum qildi.
Bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan magistral elektr tarmoqlarini va podstansiyalarini rivojlantirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish hamda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining (Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) uzoq muddatli va imtiyozli kredit mablag‘lari hamda Aksiyadorlik jamiyatining mablag‘lari hisobidan ko‘plab yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xususan,
2024-yilda ushbu maqsadlarga qaratilgan 23 ta yirik investitsiya loyihasi doirasida jami 412,0 mln dollar qiymatidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi, amalda 424,8 mln dollar mablag‘larga teng miqdordagi ishlar bajarildi. Reja 103,1 foizga bajarildi.
Investitsiya dasturi doirasida 2024 yilda 550,5 km uzunlikda 220–500 kilovolt kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari hamda 1002 megavolt•amper quvvatga ega 1 ta 500 kilovolt kuchlanishli va 750 megavolt•amper quvvatga ega 2 ta 220 kilovolt kuchlanishli yangi podstansiya qurib foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, modernizatsiya va rekonstruksiya dasturi doirasida respublikamizda 4 ta podstansiya quvvati 617 megavolt•amperga oshirildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31 yanvardagi PQ–53-sonli qaroriga asosan 2025 yilda magistral elektr tarmoqlarini va podstansiyalarini rivojlantirishga qaratilgan 16 ta investitsiya loyihalari doirasida jami 510,7 mln dollarlik hajmga teng ishlarning chora-tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar 251,3 mln dollar xalqaro moliya institutlarining davlat kafolati ostidagi uzoq muddatli va imtiyozli kredit mablag‘lari, 210,0 mln dollar boshqa xorijiy investitsiyalar hamda 49,4 mln dollar Aksiyadorlik jamiyati o‘z mablag‘lari hisobidan.
2025-yilda umumiy qiymati 259,2 mln dollar bo‘lgan 6 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 220–500 kilovolt kuchlanishli 485,0 km uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari va2 102 megavolt•amper quvvatga ega 2 ta podstansiya ishga tushiriladi.
Bular:
• Toshkent shahri va Toshkent viloyati isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiluvchi 1 602 megavolt•amper quvvatga ega 500 kilovoltli podstansiya hamda 237 km 220 kilovoltli va 72 km 500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari foydalanishga topshiriladi;
• Buxoro viloyatida qurilayotgan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini energetika tarmog‘iga ulash uchun 137 km uzunlikdagi 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i;
• Toshkent viloyatida texnoparkni elektr energiyasi bilan taʼminlash sifatini oshirish uchun 31 km uzunlikdagi 220 kilovoltli elektr uzatish tarmog‘i hamda 500 megavolt•amper quvvatga ega 220 kilovoltli podstansiya foydalanishga topshiriladi va boshqalar.
Shuningdek, modernizatsiya dasturi doirasida 5 ta podstansiyada jami 617 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat yaratish rejalashtirilgan.
Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/49544
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati