Murojaat egasi: Behruz Tojidinov.
Elektron pochta: azimovolimjon62@gmail.com
Murojaat mazmuni: Assalomu alaykum. Men elektr energetika yo‘nalishida tahsil olaman. Hozirda 2-kursman. METga (magistral elektr tarmoqlariga) ishga kirish niyatim bor. Menda nimam bo‘lsa (masalan, til sertifikati) MET meni ishga darhol olib qoladi? Oliy taʼlimni endi bitirib borgan kadrlar qanday qilib 3 yil staj to‘playdi?
Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro Behruz Tojidinov, Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining “Murojaatlar” rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi «O‘zbekiston MET» AJ Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi javob beradi.
Fuqaro Tojidinov Behruzga!
Hurmatli fuqaro, Sizning 2025 yil 14 mart soat 19.20 da “O‘zbekiston MET” AJ sayti orqali yo‘llagan 453/25-sonli murojaatingizda, Elektr energetika yo‘nalishida 2-kursda taʼlim olishingizni va “O‘zbekiston MET” AJga ishga kirish niyatingiz borligini yozgansiz. Shuningdek, qanday qilib ushbu tashkilotga ishga kirishingiz mumkinligini va oliy taʼlimni endi bitirib borgan kadrlar qanday qilib 3 yil staj to‘plashi mumkinligini so‘rab murojaat qilgansiz.
Ushbu murojaatingizga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz:
“O‘zbekiston MET” AJning 2023-yil 29-dekabrdagi 267-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan Aksiyadorlik jamiyati va uning magistral elektr tarmoq filiallariga yuqori malakali, tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxslarni tanlov asosida ishga qabul qilish belgilangan. Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida maʼlumotlar berib boriladi.
Har bir lavozimga belgilangan malaka talablari, jumladan, ushbu malaka talabida minimal normalar (masalan, oliy maʼlumotli va ish tajribasiga ega bo‘lishi) belgilangan bo‘ladi.
(Izoh: Nomzodning bilim va ko‘nikmalari qoniqarli bo‘lganda, ish staji talab qilinmaydigan lavozimlar ham mavjud.)
Ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha savollaringiz bo‘yicha 71-236-62-27 yoki 71-236-66-15 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.
Axborot xizmatidan qo‘shimcha izoh: Ish-tajriba, asosan, boshqaruv funksiyasiga ega tashkilotlarga ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarga qo‘yiladi va bu to‘g‘ri. Oliygohni yoki o‘rta-maxsus o‘quv yurtini tamomlagan mutaxassis quyi korxonalarda ishlab, ish-tajriba orttirib, karyera zinasidan ko‘tarilib, keyin mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra boshqaruv funksiyasiga ega boshqarmalarga ishga o‘tishi maqsadga muvofiq.
Nafaqat energetika sohasida, balki barcha soha va yo‘nalishlarda ham har bir lavozim uchun qo‘yiladigan alohida malaka talablari mavjud bo‘lib, bu o‘sha lavozim egasining zimmasiga yuklatiladigan vazifa-majburiyatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Oliygohni bitirgan talaba o‘z ish tajribasini maʼlum bir sohaning boshqaruv organidan boshlashi — juda kam hollarda kuzatiladigan holat. Negaki, maʼlum bir tashkilotning yuqori boshqaruv tizimidagi shtat birliklari quyi tizimda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarni maʼmuriy boshqarish uchun tuzilgan bo‘lib, tabiiyki, mazkur mutaxassis maʼlum ish tajribasi va bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lishi lozim.
Misol uchun, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Markaziy boshqaruv apparatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun malaka tajriba talablari qo‘yiladi. Ushbu bo‘sh ish o‘rni shtat birligining vazifa-majburiyatlarida quyi tashkilot ishchi-xodimlari — Magistral elektr tarmoqlari filiallari mutaxassislari bilan ishlashda aynan shu talab, yaʼni bilim-tajriba salohiyati hududiy bo‘linmadagi mutaxassislardan kam bo‘lmasligi lozim, hatto biroz yuqori bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shu jihatni eʼtiborga olib, Siz rasmiy veb-sahifamiz va uning ijtimoiy tarmoq sahifalarida eʼlon qilib borilayotgan hududiy tuzilmalarimiz bo‘sh ish o‘rinlariga taklif eʼlonlarini ham kuzatib borishingizni tavsiya etamiz.
Bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish jarayonida, eng avvalo, nomzod tarjimai holi, yaʼni uning maʼlumoti, mutaxassisligi hamda tahsil olish va mehnat faoliyatining bo‘sh ish o‘rni lavozimiga qo‘yilgan malaka talablariga mosligi inobatga olinadi. Xodimning, dastavval, davlat tilini mukammal bilishi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yaxshi kadr bo‘lishi, so‘ng xorijiy tillarini bilishi suhbat jarayonida ustunlik berishi mumkin.
Murojaatingizga javob o‘rnida, sizga shuni maʼlum qilamizki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining kadr_nes@uzbekistonmet.uz elektron pochtasi orqali tegishli hujjatlaringizni, aynan qaysi bo‘sh ish o‘rniga ishga kirish uchun yuborayotganingizni belgilab (shu bo‘sh ish o‘rniga ishga qabul qilish uchun qo‘yilgan talablarga muvofiq kelishingizni bilgan holda) yuborgan bo‘lsangiz, u albatta Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Maʼlumot o‘rnida: «Onlayn rezyume» https://www.uzbekistonmet.uz/oz/appeal/resume.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati