2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: BAA bilan “yashil” energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv
  • 25.09.2025
  • 16

#yashil_energiya

Energetika vazirligida BAAning “Global South Utilities” (GSU) kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ali Alshimmari va “Masdar” kompaniyasi bosh menejeri Maddi Niraj Kumar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil BAA poytaxtida bo‘lib o‘tgan sammitda ilgari surgan vazifalari ijrosi yuzasidan BAAning qator kompaniyalari bilan hamkorlikda “yashil” energetika sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan elektr energiyasi hajmi 8 mlrd kVt·soatdan oshdi.

Yurtimizda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini yanada oshirish, bu boradagi ishlarni jadallashtirish, sohaga yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish maqsadida GSU kompaniyasi bilan shartnomalar imzolandi.

GSU kompaniyasi “Yashil Energiya” MCHJga 27 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritadi.

“Yashil Energiya” kompaniyasi ijtimoiy soha obyektlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish hamda ekspluatatsiya qilish ishlarini olib boradi.

GSU kompaniyasi bilan hamkorlikda kichik quvvatli quyosh va gidroelektr stansiyalari hamda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlash stansiyalarini qurish ishlari jadallashtiriladi. Shuningdek, ushbu “yashil” energiya manbalariga zamonaviy texnik xizmat ko‘rsatish ishlari olib boriladi. 

Uchrashuvda tomonlar “yashil” energiya manbalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar. 

Manba:  https://t.me/minenergy_uz/17809

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati