Energetika tizimi tashkilotlari 2025-yil 1-oktabr sanasidan rasman kuz-qish mavsumiga kirib keldi. Shu munosabat bilan magistral elektr tarmoqlarida 2025/2026-yil kuz-qish mavsumigacha amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, mavsum davomida bajariladigan ishlar yuzasidan hisobot b erdi.
So‘nggi yillarda yer yuzida haroratning qish faslida keskin tushib ketishi va yoz oylarida keskin ko‘tarilib ketishi kuzatilmoqda. Natijada, energetika tizimidagi elektr qurilmalarining zo‘riqib ishlashiga va ularning avariyaviy rejimda ishlashiga olib keladi va bu, o‘z navbatida, elektr qurilmalarning ishlash muddatini keskin kamaytirib, tez ishdan chiqishiga olib keladi.
Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13 gigavatt, ya’ni kuniga 280-290 mln kVt•soat bo‘lgan bo‘lsa, qish mavsumida soatiga 14 gigavatt, kuniga esa 310-320 mln kVt•soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ushbu hajmdagi elektr energiyasini magistral tarmoqlar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish uchun viloyatlar kesimida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Yil boshidan bugungi kunga qadar bir qator loyihalar amalga oshirilishi natijasida, podstansiyalarning quvvati 492 megavolt•amper ga (Navoiy viloyatida “A” podstansiyasi 125 megavolt•amper, Andijon viloyatida “Yulduz” podstansiyasi 100 megavolt•amper, Toshkent shahrida “Qo‘yliq” podstansiyasi 17 megavolt•amper, “Ohangaron” podstansiyasi 250 megavolt•amper) oshirildi.
2025-2026-yil kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarini barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, 1566 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari (rejaga nisbatan 140 foiz), 39 ta transformator (130 foiz), 122 ta komutatsion apparatlarda (102 foiz) mukammal ta’mir ishlari bajarildi va 12 324 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari (rejaga nisbatan 103 foiz), 1 472 ta transformator (129 foiz), 2561 ta komutatsion apparatda (106 foiz) joriy ta’mir ishlari bajarildi.
Transformatorlarning sovitish tizimlari tekshirilib, 139 ta dvigatel va 3 ta moy nasosi ta’mirlanib joyiga o‘rnatildi. Shuningdek, barcha elektr uzatish havo tarmoqlari navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda ta’mirlash ishlari davomida 15 000 tadan ortiq izolyator va 3850 ta qushlar qo‘nishidan himoya qilish moslamalari o‘rnatildi. Shu kunlarda ham elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarining kontakt birikmalari teplovizor qurilmasi yordamida doimiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazilib borilmoqda.
Yil boshidan beri 117 ta podstansiya elektr qurilmalarning kontakt birikmalari hamda 13730 km elektr tarmoqlarida to‘liq teplovizor ko‘rigi o‘tkazilib, aniqlangan qizishlar o‘z vaqtida bartaraf qilindi. Shuningdek, taqsimlash tarmoqlarining 272 ta podstansiyasida va 17150 km tarmog‘ida teplovizor ko‘rigi o‘tkazildi. Ushbu amaliyot mavsum davomida ham amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlarida olib boriladigan ko‘rik ishlarining samaradorligini oshirish, ya’ni borish qiyin bo‘lgan hududlar, muhofaza zonasidagi yangi qurilishlar, daraxtzorlarni aniqlash hamda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda elektr tarmog‘ining shikastlangan joyini qisqa muddatlarda topish maqsadida uchuvchisiz uchish apparatidan (dron) foydalanish joriy etilib, 800 km tarmoq nazorat ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davomida aniqlangan nuqsonlar o‘z vaqtida bartaraf etilib, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyaviy o‘chishlarning oldi olindi.
Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlari ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 200 tonna transformator moyi, 1 000 kilogramm texnik plastina, 35 tonna turli rusumli simlar, 10 km kabel mahsulotlari, 60 dona metall va temir-beton tayanch, 10 000 ta izolyator, 21 ta magistral tarmoq podstansiyalari uchun hamda 37 ta 110 kilovolt kuchlanishli va 39 ta 35 kilovolt kuchlanishli taqsimlash tarmoqlari podstansiyalari uchun turli quvvatdagi transformator zaxirasi yaratildi.
Shuningdek, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 222 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus avtotransport, zaruriy ehtiyot qismlar, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.
Mavsum uchun jami 230 ta avtotransport vositasi shundan, 38 ta yuk ko‘tarish avtokrani, 13 ta ekskavator, 80 ta brigada avtotransporti, 39 ta AGP (avtogidro ko‘tarish texnikasi), 22 ta ko‘chma elektrotexnika laboratoriyasi shay holatga keltirilgan.
Shu bilan birga, elektr qurilmalarda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ma’lumotlarni tahlil qilish hamda zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida Aksiyadorlik jamiyatining Situatsion tahlil boshqarmasida rahbar xodimlar tomonidan 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-dekabrdagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidan 35 kV va undan yuqori kuchlanishli 23 927 kilometr elektr tarmoqlari va 1492 ta podstansiya joriy yil 1-iyundan balansga qabul qilinib, 2025-yil 22-sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasining 599-son qaror asosida bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ magistral elektr tarmoqlari filiallari tomonidan Respublika bo‘ylab keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, hozirda o‘ta yuklama bilan ishlayotgan podstansiyalardagi transformatorlarni birinchi navbatda katta quvvatlisiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
41 ta podstansiyada jami 221,5 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat zaxirasi yaratildi.
Jumladan, 9 ta yangi (4 x 25 MVA, 4 x 16 MVA, 1 x 6,3) transformator xarid qilinib, podstansiyalar quvvati 84 MVA, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 6 MVA (10 MVA o‘rniga 16 MVA), Xorazm viloyatida — 9 MVA (16 MVA o‘rniga 25 MVA), Andijon viloyatida — 12 MVA (1 x 4 MVA o‘rniga - 16 MVA), Jizzax viloyatida — 9 MVA (16 MVA o‘rniga - 25 MVA), Samarqand viloyatida — 9,7 MVA (6,3 MVA o‘rniga - 16 MVA), Surxondaryo viloyatida — 15 MVA (10 MVA o‘rniga - 25 MVA), Toshkent viloyatida – 8,3 MVA (4 MVA o‘rniga 6,3 MVA va 10 MVA o‘rniga 16 MVA o‘rnatilgan), Qashqadaryo viloyatida — 15 MVA (10 MVA o‘rniga 25 MVA) oshirildi.
Demontaj qilingan va ta’mirlashdan olib kelinishi natijasida 32 ta podstansiyada 137,5 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat yaratildi. Shuningdek, o‘ta yuklama bilan ishlayotgan elektr uzatish havo tarmoqlarining simini almashtirish maqsadida 99 tonna sim xarid qilindi.
• Toshkent viloyatidagi 33 km (35 kilovolt kuchlanishli L-Navoiy tarmog‘ida 21 km, 35 kilovolt kuchlanishli L-Ko‘kterak tarmog‘ida 12 km) tarmoq simlari almashtirilib, quvvat o‘tkazuvchanligi oshirildi;
• 35 kilovolt kuchlanishli L-Bog‘zor-1 va L-Bog‘zor-2 elektr uzatish havo tarmog‘i 110 kilovolt kuchlanishli gabaritga o‘zgartirilib, yangi 110/35/10 kilovolt kuchlanishli “Qizg‘aldoq” podstansiyasi ishga tushirildi;
• Andijon viloyatidagi 18 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli L-Chinobod tarmog‘i simlari almashtirildi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 40 km 110 kV kuchlanishli tarmoqlardagi simlarni almashtirish ishlari davom ettirilmoqda;
• Jizzax viloyatidagi 110 kilovolt kuchlanishli L-Arnasoy – 2 tarmog‘ida izolyatorlarni almashtirish ishlari olib borilmoqda;
• 110 kilovolt kuchlanishli L-Sanoat-1 va L-Sanoat-2 elektr tarmog‘ining 4 km qismi yangidan qurildi;
• Navoiy viloyatidagi 110 kilovolt kuchlanishli L-O‘zbekiston (52 km), L-Boymurod (35 km) L-Oqbaytal (42 km) va 35 kilovolt kuchlanishli L-Uchtepa (19 km) tamoqlarida izolyatorlar almashtirilib, tayanch ustunlari holati yaxshilandi.
Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
Podstansiyalar quvvatini oshirish bo‘yicha:
• Andijon viloyatida jami - 300 megavolt•amper (“Lochin” 500 kV podstansiyasida);
• Samarqand viloyatida - 125 megavolt•amper (“Kattaqo‘rg‘on” podstansiyasida AT-3);
• Toshkent shahrida - 100 megavolt•amper (“Yuksak” podstansiyasida);
• Toshkent viloyatida - 250 megavolt•amper (“Oxangaron” podstansiyasida).
Tarmoqlar bo‘yicha:
• Toshkent viloyatida 220 kilovolt kuchlanishli 31 km tarmoq qurish ishlarini yakunlash (L-Ohangaron-Yangi Angren);
• Xorazm viloyatida 110 kilovolt kuchlanishli 47 km tarmog‘ini qurish (L-Shovot);
• Qoraqalpog‘iston Respublikasida 110 kilovolt kuchlanishli 14 km tarmoqni ishga tushirish (L-Orayliq);
• Qashqadaryo viloyatida 82,5 km tarmoqda modernizatsiya ishlarini yakunlash (L-K-K - 35,4 km, L-32-M - 9,6 km, L-32-K - 37,5 km).
Yangi qurilgan podstansiyalarni taqsimlash tarmoqlariga ulash bo‘yicha:
• Jizzax viloyatida “Zafarobod” podstansiyasidan chiquvchi 110 kilovolt kuchlanishli (2x10 km)
• 20 km tarmoq;
• Toshkent viloyatida “Ohangaron” podstansiyasidan chiquvchi 110 kilovolt kuchlanishli (2x4 km) 8 km tarmoq;
• Surxondaryo viloyatida “Sherobod-2” podstansiyasidan chiquvchi 110 kilovolt kuchlanishli 6,5 km tarmoqlarni taqsimlash tarmoqlari tizimiga ulash ishlarini yakunlash ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda energetika tizim tashkilotlari tomonidan elektr ta’minoti barqarorligi uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan. Xususan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati balansidagi energetika ob’ektlari generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish bo‘yicha 24/7 rejimida ish tashkil qilingan.
MVA — megavolt•amper
MVt — megavatt
GVt — gigavatt
kV — kilovolt
kVt — kilovatt
Manba: https://qalampir.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati