Bugun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va Xitoyning “Shanghai Electric Group Co., Ltd” kompaniyasi raisi Vu Ley boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, elektr energetikasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energetika islohotlari, tarmoqda bozor mexanizmlarining joriy etilayotgani hamda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng tomonlar elektr energiyasini uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yuqori kuchlanishli podstansiyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, dispetcherlik boshqaruvini raqamlashtirish va aqlli tarmoqlar tizimini bosqichma-bosqich joriy etish borasida fikr almashdi. Shuningdek, quyosh va shamol energiyasiga asoslangan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
“Shanghai Electric Group Co., Ltd” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston energetika bozorining investitsiyaviy salohiyati yuqori ekanini qayd etib, qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi. Shu bilan birga, kompaniya tomonidan yuqori samaradorlikka ega energetik uskunalar, zamonaviy sanoatechimlari va raqamli boshqaruv platformalari bilan bog‘liq takliflar ilgari surildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ishchi tartibdagi kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva, ЎзА
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati