2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Yevropa Ittifoqi bilan energetika sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
  • 28.10.2025
  • 29

#intervyu

Avvalambor tarixiy kelishuvlar doirasida mamlakatimizga Yevropa kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va ularning zamonaviy texnologiyalari kirib keladi. Hozirgi kunda barcha yo‘nalishlar qatori energetika sohasida ham Yevropa  kompaniyalari, xususan, “Siemens Energy”, “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies” kompaniyalari yurtimiz generatsiya quvvatlari loyihalarida faol ishtirok etmoqda.

Yangi loyihalarni oladigan bo‘lsak, Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan “Global Gateway” forumi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Energetika vazirliklari hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki o‘rtasida “Qambarota GES-1” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha anglashuv memorandumlari imzolandi.

Jumladan, ushbu anglashuv memorandumlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 500 mln dollarlik, Yevropa investitsiya banki bilan esa 200 mln dollarlik mablag‘lar ajratishni nazarda tutadi va mazkur kelishuvlar bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, Yevropaning boshqa moliya institutlari bilan ishlar boshlandi. Xususan, yangi imzolangan kelishuv doirasida elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha Yevropa kompaniyalari va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan ishlar tashkil qilishga kelishib olindi. 

Bu loyihalar esa, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kam yo‘qotishlarsiz iste’molchilarga yetkazib berishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Italiyaning yetakchi “Pietro Fiorentini” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, yo‘qotishlarni kamaytirish va ushbu tizimlardan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Hozirgi kunda Germaniyaning “Linde” kompaniyasi bilan “Navoiyazot” AJda havoni taqsimlash qurilmasini qurish boshlanyapti. Bu “Linde” kompaniyasining O‘zbekistonga birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisoblanadi.

Umuman olganda, ushbu yirik kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlari ularning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi va uzoq muddatli hamkor bo‘lishiga tayyorligini bildiradi. 

Manba: https://t.me/minenergy_uz/18010 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati