
Assalomu alaykum.
Ekologiya barchamizniki, bu boradagi jarayonlarga hammamiz mas’ulmiz. Shu bois, energetiklar tomonidan atrof-muhitni yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil” manbalarni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalari va yirik energetika markazlari orqali ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga zararli moddalar chiqishini oldini olish, yoqilg‘i sarfini optimallashtirish maqsadida ularga zamonaviy filtrlar, avtomatik monitoring tizimlari, ekopostlar hamda “yashil texnologiyalar” joriy etilmoqda.
Xususan, Toshkent issiqlik elektr markazida 5 ta qozon agregati va 1 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Korxonada mazut yoqilg‘isi foydalanishdan to‘liq chiqarilgan bo‘lib, elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosidagi zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarilmoqda.
2024-yilda markazda umumiy quvvati 64 megavattdan bo‘lgan 2 ta yangi gaz-turbina qurilmasi ishga tushirildi. Natijada, yiliga atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200 tonnaga kamayishiga erishildi.
Yangi qurilmalar orqali yiliga qo‘shimcha 515 mln kilovatt·soat elektr va 630 gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida korxona hududiga 4 ta avtomatik monitoring stansiyasi va 1 ta ekopost o‘rnatildi. Ularning barcha ko‘rsatkichlari real vaqt rejimida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Situatsion markaziga uzatiladi va doimiy tahlil qilinadi. Shuningdek, gaz tarmoqlarida mexanik birikma filtrlari to‘liq yangilandi.
Korxona Toshkent shahri markazida joylashgani bois, ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatish va shahar ko‘rkini oshirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Xususan, 15,5 gektar yer maydonida 16 ming 490 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘” yaratildi.
Toshkent issiqlik markazidagi 9 ta issiqlik markazida joriy va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Umumiy quvvati 4580 gigakaloriya bo‘lgan ushbu ob’ektlar mavsum davomida iste’molchilarni 60°–85° darajadagi barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Ekologik talablarni kuchaytirish maqsadida ushbu 9 ta issiqlik markazining 6 tasida mavjud mazut yoqiluvchi qozonlarga absorbsiya usulida ishlov beruvchi filtrlash tizimlari o‘rnatildi. Shu bilan birga, mazutni qattiq mexanik birikmalardan tozalash uskunalari joriy etildi.
Ekologik barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 4-son issiqlik markazi hududida quvvati 100 megavatt bo‘lgan yangi gaz-porshenli elektr stansiyasi qurildi, uni dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu gaz-porshenli elektr stansiyasi ishga tushirilgach, 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga o‘rtacha 876 mln kilovatt-soat elektr va 784 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida 15 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, atmosferaga 6 600 tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Mazkur elektr stansiya orqali o‘rtacha 365 ming xonadonni elektr va 58 mingta xonadonni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Toshkent issiqlik elektr stansiyasi — mamlakatimizdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri bo‘lib, bu yerda ham elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida ekologik talablar qat’iy ta’minlanmoqda.
Stansiyada o‘rnatilgan “Engli filtr” qurilmasi chiqindilarni 99,5% samara bilan tozalaydi va havoga tashlanadigan qattiq zarrachalar konsentratsiyasini 100 milligramm metr kubdan 6 milligramm metr kubgacha kamaytirishga erishilmoqda.
Shu bilan birga, quyosh panellari va suv isitgichlari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 110,7 tonna tashlama chiqishi oldi olinmoqda, texnik suvdan foydalanish natijasida esa 350 ming metr kub ichimlik suvi tejalmoqda.
Stansiyada tutun gazlari tarkibini yuqori aniqlikda nazorat qiluvchi va real vaqt rejimida ma’lumotlarni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Situatsion markaziga uzatuvchi avtomatik monitoring tizimlari joriy etilgan.
Stansiyaning sanitariya-himoya hududida zamonaviy ekopost o‘rnatilgan bo‘lib, u atrof-muhit holatini doimiy nazorat qilish va ekologik ko‘rsatkichlarni tezkor monitoring qilishni ta’minlaydi.
370 megavatt quvvatli bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilganidan keyin yoqilg‘i sarfi sezilarli kamayib, yiliga 350,9 mln metr kub tabiiy gaz tejalmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Toshkent IES elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda zamonaviy ekologik standartlarga to‘liq mos ravishda faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi 3 yilda yurtimizda Davlat xususiy sherikchiligi asosida foydali ish koeffitsienti 60 foizdan yuqori bo‘lgan, tabiiy gazda ishlovchi, umumiy quvvati 3 ming 274 megavatt bo‘lgan 8 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu elektr stansiyalari orqali yiliga 2,6 mlrd tabiiy gaz tejaladi. Bu ham atrof-muhitni asrashga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
Yurtimizda “yashil” energetikani rivojlantirish orqali ham ekologiyani yaxshilashga katta hissa qo‘shilmoqda.
So‘nggi yillarda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda yurtimizda umumiy quvvati 4 ming 782 megavatt bo‘lgan 13 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan.
Ushbu quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan joriy yil boshidan beri 9,7 mlrd kVt⋅soatdan ortiq “yashil” energiya ishlab chiqarildi. Gidroelektr stansiyalari bilan hisoblaganda jami “yashil” energiya hajmi 15,7 mlrd kVt·soatdan oshdi. Buning natijasida respublikamizda umumiy ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 23 foizni tashkil qildi. 2 mlrd 867 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 4 mln 200 ming tonna zararli moddalar oldi olindi. 2030-yilga borib umumiy ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 54 foizni tashkil qilishi rejalashtirilgan.
Xuddi shuningdek, ijtimoiy soha obektlari, davlat idoralari, tadbirkorlik subektlari va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 1 ming 914 megavatt bo‘lgan quyosh panellari hamda 4 850,2 ming litr hajmdagi geliokollektorlar o‘rnatilgan. Natijada o‘tgan davrda 761 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, 905 ming tonna zararli gazlarning havoga chiqarilishini oldi olindi.
2025-yilda yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 2,5 milliondan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi va hududlarda “yashil belbog‘” va “yashil bog‘”lar tashkil qilindi.
Xulosa qilib aytganda, yoqilg‘i-energetika tizimidagi barcha korxonalar tomonidan nafaqat ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonida, balki ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan bir nechta boshqa sohalarni yaxshilash va rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shib kelinmoqda. Yuqorida aytganimizdek, tabiat barchamizniki va uni asrab-avaylashga hammamiz birdek mas’ulmiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/105352
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati