
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik va ishonch xalqaro forumidagi nutqi
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va bugungi forumni yuksak darajada tashkil etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Turkmaniston rahbariyatini va butun qardosh turkman xalqini milliy bayram – Doimiy betaraflik eʼlon qilinganining 30 yilligi bilan tabriklayman.
Ushbu qutlugʻ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq boʻlib kelayotganini oʻzida mujassam etadi.
Biz mazkur forumni tinchliksevarlik va tinchlikparvarlik gʻoyalarini ilgari surish, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni muloqot hamda muzokaralar vositasida hal qilish yoʻllarini izlash uchun muhim siyosiy platforma deb hisoblaymiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Turkman xalqining zamonaviy oʻziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy anʼanalari, madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga, olijanoblik, bagʻrikenglik va yaxshi qoʻshnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi.
Bu fenomen turkman xalqining bugungi bosqichdagi ijobiy betaraflik falsafasining meʼmori – Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning hal qiluvchi roli tufayli butun dunyoda keng eʼtirofga sazovor boʻldi.
Tanlangan strategik yoʻnalish Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich tomonidan yangicha jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Turkmanistonning doimiy betaraflik modeli suverenitetni hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari faol tinchlikparvarlik hamda diplomatik faoliyat bilan qanday uygʻunlashishi mumkin ekanini yorqin namoyish etmoqda. Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani buning yaqqol dalilidir.
Biz Oʻzbekistonda turkmanistonlik qardoshlarimizning strategik qarashlari va tashqi siyosiy yondashuvlariga koʻp jihatdan qoʻshilamiz.
Shu bois, birodar Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Yangi Oʻzbekiston uchun jahonga ochiqlik, oʻzaro hurmat va muloqotga intilish – fundamental qadriyatlardir. Aynan shu sababli biz umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida birdamlik boʻyicha Samarqand tashabbusini ilgari surdik. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Ishonchimiz komilki, faqat oʻzaro hurmat va tushunishga tayangan gumanistik hamda inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini mustahkamlashga qodir.
Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning Qoʻshilmaslik harakatidagi boʻlajak raisligi davrida biz tinchlik va zoʻravonlikdan xolilik madaniyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha global harakatni ragʻbatlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bagʻrikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga koʻmaklashishni bosh ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilash niyatidamiz.
Biz raisligimiz davomida kelgusi avlodlar manfaatlari yoʻlida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilishni rejalashtirmoqdamiz. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining oʻzaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturini qabul qilamiz. Uning amalga oshirilishida BMTning ixtisoslashgan institutlari, jumladan, Ashxoboddagi Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz faol ishtirok etishiga umid qilamiz.
Hurmatli doʻstlar!
Global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar oʻrtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
Aynan shu sababli ham Turkmanistonning 2025-yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifi jahon hamjamiyatining eng muhim talablariga javob beradi.
Oʻzbekiston ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladi va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi boʻldi.
Ushbu global gʻoya qarama-qarshiliklarni rad etadigan, mojarolarni muzokaralar stoli atrofida hal qilishga sodiq va tinchlik oʻrnatish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish tarafdori boʻlgan mamlakatlarning birlashishiga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
Shuni taʼkidlashni istardimki, oʻzaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari bizning Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatimizning ham asosidir.
Oʻtgan oyda Toshkentda boʻlib oʻtgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha birgalikdagi harakatlar, koʻpqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor koʻrsatdi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Turkmanistonning konstruktiv hamda tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.
Rasmiy Ashxobod 2018-yilda – koʻp yillardan buyon birinchi marta Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga aʼzo davlatlar rahbarlarining birinchi sammitini tashkil etgan holda, Jamgʻarma doirasida oliy darajadagi muloqotlarni qayta tiklashda katta rol oʻynadi.
Shu yilning avgust oyida Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasining oʻtkazilishi mintaqada yagona transport-logistika makonini shakllantirishga muhim hissa boʻlib qoʻshildi.
Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish va infratuzilmaviy bogʻliqlikni kuchaytirish orqali tinch yoʻl bilan rivojlantirishga koʻmaklashish masalalari boʻyicha bizning va Turkmanistonning yondashuvlari toʻliq mos keladi.
Ashxobodning energetika va suv xavfsizligi, barqaror transport bogʻliqligini taʼminlash, shuningdek, mintaqada ekotizimni himoya qilish boʻyicha tashabbuslari bizning Markaziy Osiyodagi saʼy-harakatlarimizni tabiiy ravishda toʻldirmoqda.
Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu gʻoyalar mujassam boʻlgan bu takliflari uning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib oʻrin egallashiga aminman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorlik eng ulugʻvor rejalarni hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Shuning uchun ushbu rejalarni gumanitar hamkorlik orqali ilgari surish muhim.
Shu munosabat bilan kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida “Madaniyatlar muloqoti” deb nomlangan qoʻshma xalqaro gumanitar forumni tashkil etish, shuningdek, taʼlim, madaniyat va volontyorlik harakati sohalaridagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish orqali yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonini mustahkamlashga jalb etishga yoʻnaltirilgan “Yoshlar tinchlik va ishonch yoʻlida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilamiz.
Qadrli doʻstlar!
Tinchlik va ishonch – umumiy farovonlik asosidir. Bu qadriyatlarni mustahkamlash butun xalqaro hamjamiyat uchun hal qiluvchi ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi zarur.
Oʻzbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qoʻshishga tayyor.
Forum ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tilayman.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/8775
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati