
ISO sertifikatlari tashkilotlarga jahon standartlariga muvofiq ishlash, mahsulot va xizmatlarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-son Farmoni va «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ushbu sohada zaruriy siyosat va mexanizmlarni joriy etishni, korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish va nazorat qilish kabi kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishni nazarda tutadi. 2022-yil 28-yanvardagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni, boshqa qonunchilik xujjatlari va aksiyador kutilmalarida xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ayniqsa davlat ulushi mavjud tashkilotlar mavqeini oshirgan holda, ularni jahon talablari darajasiga olib chiqish, xususiy insvestorlarni keng jalb etish yo‘li bilan soha rivojini taʼminlash, qolaversa xalqaro kredit shartnomalariga ko‘ra banklar va moliya institutlari talablarini bajarish bo‘yicha korxona va tashkilotlarda xalqaro ISO standartlarini keng joriy etish talabi belgilangan.
ISO standartlarini amalda qo‘llashning asosiy huquqiy bazasi — O‘zbekiston Respublikasining texnik tartibga solish va standartlashtirish sohasidagi qonunlari va normalaridir. «Texnik tartibga solish to‘g‘risida», «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonunlar va ular asosidagi normativ hujjatlar tizimi ISO kabi xalqaro standartlardan kelib chiqadigan belgilash va muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga xalqaro standartlarni milliy standartlar qatoriga kiritish orqali ularning taqdim etilishi, sertifikatlashtirilishi va boshqaruv tizimlariga mosligi yuritiladi.
ISO standartlarini joriy qilish — sifatni oshirish, xavflarni boshqarish, resurslardan samarali foydalanish, xalqaro savdo va investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro darajada tan olingan zamonaviy tizimlardir. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ da ham ISO standartlarini joriy qilish bo‘yicha bir necha yillardan beri amaliy ishlar qilinmoqda.
Xalqaro ISO standartlarini joriy etishning Jamiyatimiz uchun qanaday ahamiyatli tomonlari mavjud? Ularning har biriga qisqacha to‘xtalib o‘taman:
ISO 9001 - mahsulot va xizmatlarda sifatni yaxshilash, mijozlar talablariga javob berish, muammolarni tezda aniqlash va hal qilishga yordam beradi.
ISO 37001 - korrupsiya xavflarini aniqlash, uning oldini olish, shaffoflikni taʼminlash, korporativ etika va nazorat tizimlarini joriy qilishni talab etadi.
ISO 31000 - risklarni aniqlash va ularni samarali boshqarishni taʼminlaydi (korporativ risklar, strategik risklar, moliyaviy risklar, operatsion risklar va boshqalar).
ISO 14001 - korporativ faoliyatning atrof-muhitga taʼsirini nazorat qilishni va resurslardan samarali foydalanishni tashkil etishga o‘rgatadi.
ISO 45001 - ishchi muhit xavfsizligini taʼminlash, jarohatlar va kasalliklar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
ISO 50001 - resurslarni tejash, xarajatlarni kamaytirish, ehtiyot qismlar va energiya sarfini optimallashtirishni rag‘batlantiradi.
Bugungi kunda jamiyatimizda yuqorida taʼkidlab o‘tilgan xalqaro standartlar to‘liq joriy etilgan. Joriy yilda ISO 9001, ISO 37001 va ISO 31000 xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatsion audit tekshiruvlari o‘tkazildi va muvofiqlik sertifikatlari taqdim etildi. Shuningdek ISO 14001, ISO 45001 va ISO 50001 xalqaro standartlari bo‘yicha oraliq audit tekshiruvlari o‘tkazildi va Jamiyatimiz mazkur sertifikatlarning amal qilish muddatini yana bir yilga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati