

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotidagi siyosiy-iqtisodiy voqea sifatida tarixga kirmoqda.
Energetika infratuzilmasidagi islohotlar ham iqtisodiy o‘sishning muhim poydevorlaridan biri bo‘ldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 85 milliard kilovatt-soatga yetkazilishi sanoat va xizmatlar sohasidagi o‘sib borayotgan talabni qoplash imkonini berdi. Agar bu quvvatlar yaratilmaganida iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish haqida gapirishning o‘zi mushkul bo‘lardi.
Suv taʼminoti va irrigatsiya infratuzilmasidagi islohotlar esa aholi hayotining sifati bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Murojaatnomada keltirilgan 715 ming kishining xonadoniga birinchi marta toza ichimlik suv kirib borgani, yana millionlab odamning suv taʼminoti yaxshilangani ijtimoiy farovonlik oshganini ko‘rsatadi. Bu omillar ham iqtisodiy faollikka bevosita taʼsir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, infratuzilma siyosatining yangi jihati sifatida byudjet mablag‘larini mahalla va tuman darajasida loyihaviy asosda taqsimlash mexanizmini alohida qayd etish lozim. Bu yondashuv hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikni kamaytirish, mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga yaqin qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Belgilab berilgan infratuzilma va urbanizatsiya siyosati iqtisodiy o‘sishni hududiy jihatdan muvozanatli taʼminlash, shahar va qishloq o‘rtasidagi farqni qisqartirish hamda aholi uchun munosib yashash muhitini yaratishga qaratilgan. Bu siyosat yangi O‘zbekiston iqtisodiy modelida strategik ahamiyatga ega, kelgusi yillarda o‘sishning barqaror manbaiga aylanishi shubhasiz.
▶️ Batafsil
Murojaatnoma yangi O‘zbekistonni daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan, texnologik rivojlangan, ijtimoiy adolatli va maʼnaviy barqaror davlat sifatida shakllantirishga qaratilgan tarixiy dastur. Uning muvaffaqiyati esa faqat davlat organlari yoki parlament emas, balki butun xalqimiz bilan bog‘liq.
Biz birlashib harakat qilsak, bilim, mehnat va masʼuliyatga tayansak, Murojaatnomada belgilangan ulkan marralar, albatta, ro‘yobga chiqadi. Yangi O‘zbekiston orzu emas, birgalikda qurilayotgan real taraqqiyot yo‘li.
Nodir JUMAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Erkin GADOYEV, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, professor
Manba: https://yuz.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati