
Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dildora Xashimova 21-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Elektr va gaz ta’minoti korxonalarida jami 1 ming 479 ta maxsus brigada tashkil etilgan, ushbu brigadalar tarkibida 7 ming 596 nafar ishchi-xodim joylarda kechayu kunduz faoliyat yuritib bormoqda.
Kecha, 21-yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 272,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 106 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Respublika iste’molchilariga 245,7 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 102 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 146,2 mln kub metrni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun 2 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.
2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109% ko‘p) suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Aholi va ijtimoiy soha obyektlariga 2 ming 200 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida 7,4 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilgan.
Birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshirildi. Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 21-yanvar kuni birja savdolariga jami 12,3 ming tonna avtobenzin va 14,7 ming tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 5 ming tonna benzin va 680 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.
Shuningdek, birja savdolariga 2 428 tonna suyultirilgan gaz chiqarilib, shundan 2 368 tonnasi sotilgan.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 8 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Tizim 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ishlab, avariya brigadalari tomonidan nosozliklar bartaraf etilgan holda ta’minotni bosqichma-bosqich tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rish bo‘yicha brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hududiy elektr va gaz ta’minoti filiallarida tashkil etilgan “Call markaz”lar 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda va iste’molchilarning murojaatlari to‘xtovsiz qabul qilinmoqda.
Batafsil ma’lumotlar bilan Energetika vazirligi va elektr hamda gaz ta’minoti tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali tanishib borishingiz mumkin.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154, gaz ta’minoti yuzasidan esa 1104, 104 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Qorli kunlar bo‘lsa ham, uyingizda iliqlik va xotirjamlik hukm sursin, aziz yurtdoshlar! Biz esa siz uchun doimo xizmatdamiz.
Manba: https://gov.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati