
► 903 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga kichik quvvatli quyosh stansiyalari qurib beriladi
Prezidentimizning 2026-yil 5-fevralda “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 49-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustga qadar “og‘ir” mahallalarga daromad keltiradigan aktiv sifatida 300−500 kVt quvvatdagi kichik quyosh elektr stansiyalari barpo etiladi. Loyihani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 110 million dollar mablag‘ ajratiladi.
Energetika vazirligi, Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar chuqur ixtisoslashgan mingta mahallada 300—500 kVt quvvatga ega kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish va ularni 7 yil muddatga imtiyozli shartlarda lizingga berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida“og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalariga to‘xtalgan edi. Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta’minlash masalasini hal qilish zarurligi taʼkidlangandi.
Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga beg‘araz aktiv sifatida berilishi, stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo bo‘lishi ma’lum qilindi. Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Ya’ni ushbu mablag‘lar ehtiyojmand xonadonni “yashil” ta’mirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oila a’zolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib ta’mirlanadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshirilishini, kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga berilishini qayd etgandi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/19091
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati