
2026-yil yanvar-iyun oylarida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda (keyingi o‘rinlarda Aksiyadorlik jamiyati) korrupsiyani oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf qilish hamda “korrupsiyadan holi” muhitni yaratish borasida aniq chora tadbirlarni amalga oshirish yuza-sidan 2026-yil uchun Ish rejasi tasdiqlangan edi.
Aksiyadorlik jamiyatining Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati tomonidan 2026-yil yanvar-iyun oylarida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
2026-yil yanvar oyida — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qarori talablariga muvofiq Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maxsus indikatorlar bo‘yicha maʼlumotlar sifatli tayyorlanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “E-antikor” elektron platformasiga joylashtirildi.
2026-yil fevral oyida — “E-antikorrupsiya” markazlashgan axborot tizimi orqali Aksiyadorlik jamiyatining vazifa va funksiyalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash bo‘yicha baholash o‘tkazildi. Korrupsiya xavfiga eng ko‘p moyil bo‘lgan funksiya va lavozimlar ro‘yxati shakllantirilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “E-antikor” elektron platformasiga joylashtirildi. Shu bilan birga, Aksiyadorlik jamiyati faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarga moyillik darajasi yuqori, boshqarilishi lozim bo‘lgan funksiyalarni minimallashtirishga qaratilgan doimiy monitoring olib borilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va filiallarga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bilan korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha tekshiruvlar hamda profilaktik suhbatlar doimiy ravishda olib borilmoqda.
2026-yil fevral oyida — O‘zbekiston Respublikasi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son Qonunga muvofiq hamda Aksiyadorlik jamiyatining 2026-yil 20-yanvardagi 01-04-17/389, 01-04-17/390-sonli topshiriqlariga asosan tashkilotimizning Markaziy apparati va barcha filiallaridagi tegishli rahbar, xodimlar tomonidan 2026-yil uchun ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi yillik deklaratsiyalar to‘ldirildi.
Barcha deklaratsiyalar Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati tomonidan tahlil qilindi. Tahlillar natijasiga ko‘ra, Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati hamda filiallarida rahbar va xodimlar o‘rtasida jami 6 ta “mavjud” va 154 ta “ehtimoliy” manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlandi.
6 ta “mavjud” manfaatlar to‘qnashuvi holati “Navoiy MET” filialida aniqlandi. “Navoiy MET” filialidagi “mavjud” manfaatlar to‘qnashuvi holatini bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi yaʼni bir-birining bo‘ysunuvida bo‘lgan rahbar va xodimlar rotatsiya qilinib, boshqa lavozimga o‘tkazildi.
Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va filiallardagi 154 ta “ehtimoliy” manfaatlar to‘qnashuvi holati bo‘yicha har bir rahbar va xodim o‘rtasida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, kelajakda “mavjud” manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligi va ularni oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Profilaktik suhbatlar va tushuntirish ishlari yuzasidan Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va filiallar odob-ahloq komissiyasi yig‘ilishining tegishli bayonlari rasmiylashtirildi.
2026-yil fevral oyida — Aksiyadorlik jamiyatining “Jizzax magistral tarmoqlari” filialida 2026-yil 17-fevral kuni Jizzax viloyati Bojxona boshqarmasi, DXX va Milliy gvardiyasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filiali avtotransport haydovchisi V.Xazratqulov yonida 3,022 gramm “Kannabis, marixuana”, yashash xonadonida 284,5435 gr “Kannabis, marixuana” borligi aniqlangan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 270-moddasi 2-qismi “a” bandi, JK ning 273-moddasi 3-qismi “a” bandi, JK ning 276-moddasi 2-qismi “b” bandi va JK ning 25, 273-moddasi 5-qismi jazo tayyorlanib, Sud hukmiga ko‘ra 6 (olti)-yil 1 (bir) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aksiyadorlik jamiyati faoliyatida xaridlarni amalga oshirish, shartnomalar tuzish va buyurtmalar berish jarayonida sodir etilishi mumkin bo‘lgan holatlarni inobatga olib davlat xaridlari jarayoni ustidan doimiy ravishda nazorat olib borildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida shaffoflikni taʼminlash maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar obyektiv va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda.
2026-yil 27-mart kuni — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Zoom platformasi orqali onlayn seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” PF-270-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash tizimiga, shu jumladan, reyting baholash yo‘nalishlari va indikator ko‘rsatkichlariga kiritilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Ushbu seminarda Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i va bosh mutaxassisi ham ishtirok etdi.
2026-yil 30 mart kuni — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda Zoom platformasi orqali onlayn seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3 fevraldagi “Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni taʼminlovchi standartlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 44-son qarori va qarordagi Nizom talablarini tushuntirishga qaratilgan masofaviy o‘quv mashg‘uloti bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Ushbu seminarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i hamda bosh mutaxassisi ishtirok etdi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 2026-yil 31 martdagi 01-04-17/2368-sonli topshir xatiga bilan Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va filiallarida mehnat faoliyatini yuritayotgan rahbar va xodimlar o‘tasidagi yaqin qarindoshlik aloqalari to‘g‘risida umumlashtirilgan ro‘yxat shakllantirildi.
2026-yilning yanvar-aprel oylarida — Aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari “Toshkent MET”, “Toshkent shahar MET”, “Magistraltarmoqqurilish”, “Qashqadaryo MET”, “Energo-IT”, filiallarida tashkil etildi. Ushbu targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazishda xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq vaziyatlarni bartaraf etish yuzasidan rahbar va xodimlarning bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
2026-yilning aprel oyida — “O‘zbekiston MET” AJda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha darajadagi xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarga munosabatini o‘rganish yuzasidan Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati tomonidan ijtomoiy so‘rovnoma ishlab chiqildi. Ushbu ijtomoiy so‘rovnoma anonim hisoblanib, ishtirokchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar oshkor etilmasligi kafolatlanadi. Bugungi kunga qadar ushbu ijtimoiy so‘rovnomaning umumiy kuzatuvchilar soni 3800 nafarni va ovoz berganlar 139 nafarni tashkil etadi. Ushbu ijtimoiy so‘rovnoma Jamiyat va uning filiallarida korrupsiya holatlari hamda aksilkorrupsiya chora-tadbirlari samadorligini taʼminlaydi.
2026-yil 7-may kuni — “Navoiy MET” filialida rahbar va xodimlar ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish, qonunchilikka qatʼiy rioya qilish hamda tizimda shaffoflikni taʼminlash masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida sohada korrupsiyaviy omillarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarish, maishiy korrupsiya holatlarining oldini olish hamda xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
2026-yil may oyida — Aksiyadorlik jamiyatining “Andijon magistral elektr tarmoqlari” filialida 1 ta korrupsion holati aniqlandi. Jumladan, 2026-yil 14-may kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQKDning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa HMQO xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘rg‘ontepa tumani “So‘fi qishloq” podstansiyasi navbatchi elektromontyori F.Xashimov fuqaro F.D.ning Jalaquduq tumani “Namuna” MFY hududidagi xonadonida mavjud elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha 680 ming so‘mlik qarzdorlikni asossiz ravishda 34 million so‘m deb yolg‘on ko‘rsatib, 17 million so‘m pul mablag‘i evaziga ushbu qarzdorlikni bartaraf etib berishini vaʼda qilgan.
Tezkor tadbir davomida F.Xoshimov 17 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
2026-yil 25-may kuni — Energetika vazirligida “ISO 37001:2025 standartining yangi versiyasi” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Seminarda standartga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar, uni amaliyotga joriy etish mexanizmlari, sertifikatlashtirish jarayonlariga tayyorgarlik hamda tashkilotlarda muvofiqlik risklarini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi. Seminarda Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 21-iyundagi PQ-228-son qarori 9-bandida barcha davlat organlari va tashkilotlari muntazam ravishda o‘z xodimlarini Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirib borishlari belgilangan. Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va filiallar rahbar hamda xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bilim va malakasini oshirish maqsadida Aksiyadorlik jamiyatining 2026-yil 27-fevraldagi 01-04-17/1507-sonli topshirig‘iga asosan, 2026-yil may-iyun oylarida Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasi o‘quv kurslarida, Markaziy apparati va filialarining 682 nafar rahbar, xodimlari masofaviy o‘qitilib, tegishli sertifikatlarni oldi. Ushbu o‘quv kurslarida o‘qitish natijasida rahbar va xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshirilishiga, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilishiga erishildi.
2026-yilning may-iyun oylarida — Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari Aksiyadorlik jamiyatining “Buxoro MET”, “Andijon MET” va Farg‘ona MET” filiallari tashkil etildi. Ushbu targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazishda xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirildi, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq vaziyatlarni bartaraf etish yuzasidan ularning bilim va ko‘nikmalari yana-da mustahkamlandi.
Alisher Raxmonov, Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati