
#elektr_energiyasi
Yakshanba kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 GVtga yetdi
O‘zbekiston yagona energetika tizimida 2026-yil 19-iyul, yakshanba — dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, anomal issiq havo ta’sirida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291,8 mln kVt·soatni tashkil etdi.
Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori natijadan 19,2 mln kVt·soatga yoki 7,04 foizga yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, kecha yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 GVtga yetdi. Bu ko‘rsatkich ham 18-iyulda qayd etilgan maksimal yuklamadan 100 MVtga yuqori bo‘ldi.
Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham yuqori darajada saqlanib, 295,4 mln kVt·soatni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkichlar anomal issiq havo sharoitida, hatto dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolganini hamda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun energetika tizimi barqaror ishlayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, yuqori iste’mol davrida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, elektr tarmoqlaridagi nosozlik va avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etishdi.
Xususan, kecha ayrim hududlarda, jumladan, soat 13:55 da Mirzo Ulug‘bek tumanining Osiyo ko‘chasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 280 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 16:30 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 19:50 da Farg‘ona viloyatidagi elektr tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik oqibatida Qo‘qon shahri, Furqat, Dang‘ara, Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlaridagi 13 ming nafar iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. 20-iyul kuni soat 00:26 da nosozlik bartaraf etilib, barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 21:15 da Toshkent shahridagi podstansiyada yuzaga kelgan nosozlik sababli Shayxontohur va Olmazor tumanlaridagi 7 ming nafar iste’molchi qisman elektr ta’minotidan uzilgan. 20-iyul kuni soat 00:20 da nosozlik bartaraf etilib, elektr ta’minoti tiklangan.
Soat 22:00 da Mirzo Ulug‘bek tumani Hamid Olimjon ko‘chasidagi 350 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 23:55 da elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 23:40 da Sergeli tumani Hilol ko‘chasidagi 330 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. 20-iyul kuni soat 01:45 da elektr ta’minoti qayta tiklangan.
20 iyul kuni soat 01:10 da Olmazor tumani Chuqursoy ko‘chasidagi 340 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 06:05 da elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 04:40 da Uchtepa tumani 11- va 12-dahalaridagi 330 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Soat 06:45 da elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 05:25 da Toshkent shahridagi podstansiyada yuzaga kelgan nosozlik sababli Yakkasaroy va Mirobod tumanlaridagi 1 300 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 07:10 dan boshlab elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklangan.
Shuningdek, kecha 19-iyul kuni Toshkent shahrining Yashnobod, Yunusobod va Chilonzor hamda Toshkent viloyatining Zangiota va Toshkent tumanlarida elektr tarmoqlarida turli vaqtlarda yuzaga kelgan nosozliklar sababli ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzilishlar kuzatilgan.
Yuqori yuklamalar sharoitida energetika tizimi korxona va tashkilotlarining tezkor xizmatlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/20542
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati