

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi 33-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv ham ana shunday mazmunli va samimiy muloqotlardan biri bo‘ldi.
Maktabda taniqli jurnalist va ijodkor Ulug‘bek Urunov (Ulug‘bek Po‘latzoda) ishtirokida madaniy-ma’rifiy hamda ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu bilim maskani o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda jurnalistika, adabiyot, ijodkorlik va kitob mutolaasining inson hayotidagi ahamiyati xususida fikr almashildi. Ijodkorning 33-maktab bitiruvchisi ekani, uning jurnalistika va adabiyot sohasidagi ko‘p yillik faoliyati ham alohida e’tirof etildi.
30 yillik jurnalistik va ijodiy faoliyati davomida Ulug‘bek Po‘latzoda qator nashriyot va ommaviy axborot vositalarida mehnat qilgan. “Narigi dunyo”, “Bo‘rona”, “Gung qizdan salom”, “Qarz” kabi asarlari kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan.
Ijodkor ko‘p yillik mehnati va ijodiy izlanishlari davomida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni kitob o‘qishga, izlanishga, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish va tanlagan kasbiga sidqidildan yondashishga chaqirdi.
– Bu maktab mening hayotimda alohida o‘rin tutadi. Insonning kelajagiga poydevor aynan maktabda qo‘yiladi. Bu yerda olgan bilimlarim, ustozlarimdan eshitgan saboqlarim keyingi hayot yo‘limda katta ahamiyat kasb etdi. Jurnalistikada qariyb 30 yil faoliyat yuritgan bo‘lsam, ijod menga odamlarni yaxshiroq anglash, ularning dardi va quvonchini his qilish imkonini berdi. Yoshlarga doimo kitob o‘qishni, izlanishni va o‘z kasbiga sidqidildan yondashishni tavsiya qilaman. Chunki insonning eng katta boyligi uning bilimi va hayotiy tajribasi hisoblanadi, – dedi U.Urunov.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, jurnalistika, adabiyot va ijod jarayoniga oid fikr-mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, ijodkorning asarlari qanday yaratilishi, jurnalistika kasbining o‘ziga xos jihatlari va bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqidagi suhbatlar qiziqarli kechdi.
Bugun Ulug‘bek Urunov “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, uning ijod va adabiyotga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib, yangi asarlar yaratish borasida samarali ijod qilmoqda.
Samimiy muloqot va qiziqarli savol-javoblarga boy kechgan uchrashuv o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarni kitobga, ilm va ijodga qiziqtirish, ularning dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati