

Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosarlari Boburjon Murodov va Sobirjon Ortiqov ishtirok etib, jamiyat tasarrufidagi magistral elektr tarmoqlarining mavsumga tayyorgarlik holati, ko‘rilgan chora-tadbirlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 63,4 milliard kVt∙soat elektr energiyasi transportirovka qilingan. Shu davrda 292,6 million kVt∙soat hajmida tranzit xizmatlari ko‘rsatilgan.
Shuningdek, 2026-yilda tashkilot balansidagi bino va inshootlarga umumiy quvvati 180 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Natijada 2026-yilga qadar o‘rnatilgan quyosh panellarining umumiy quvvati 1 107 kVtga yetgan.
Yil yakuniga qadar elektr energiyasini uzatish hajmini 84,4 milliard kVt∙soatga yetkazish, texnologik sarfni 4,4 milliard kVt∙soat yoki 5,26 foiz darajasida ushlab turish rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Boburjon Murodovning ta’kidlashicha, energiya samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish ishlari ham davom ettirilmoqda.

– Yil yakuniga qadar jamiyat tasarrufidagi ob’ektlarga yana 310 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bu nafaqat elektr energiyasidan samarali foydalanish, balki o‘z ehtiyojlarimizning bir qismini muqobil energiya manbalari hisobiga qoplash imkonini ham beradi.
Kuz-qish mavsumida magistral elektr tarmoqlari va elektr qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash esa asosiy vazifalarimizdan biri. Shu maqsadda yil boshida maxsus chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, uning ijrosini bosqichma-bosqich ta’minlab kelyapmiz.
Xususan, 23 553 kilometr elektr tarmog‘i, 2 817 ta transformator hamda 4 217 ta kommutatsion apparatda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Transformatorlarning sovitish tizimidagi 681 ta elektr dvigateli ta’mirlandi.
Barcha elektr uzatish havo tarmoqlari navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazilib, 25 868 ta izolyator hamda 14 276 ta qush qo‘nishidan himoyalovchi moslamalar o‘rnatildi.
Shuningdek, 1 679 ta podstansiyadagi elektr qurilmalarining kontakt birikmalari hamda 36 568 kilometr elektr tarmog‘i to‘liq teplovizor ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘riklar jarayonida aniqlangan qizish holatlari o‘z vaqtida bartaraf etildi, – dedi B.Murodov.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida tarmoqlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan bir qatorda, ularning xavfsizligi va avariyaviy holatlarni tezkor aniqlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Ortiqovning aytishicha, bu borada zamonaviy texnologiyalar, jumladan, dronlar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
– Yuqori kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlarining borish qiyin bo‘lgan hududlarini nazorat qilish, muhofaza zonalaridagi qurilishlar va daraxtzorlarni aniqlash, shuningdek, avariyaviy holatlarda shikastlangan joylarni tezkor topish maqsadida 1 915 kilometr elektr tarmog‘ini dronlar yordamida ko‘rikdan o‘tkazdik.
Bu ishlar natijasida aniqlangan nuqsonlar o‘z vaqtida bartaraf etildi. Eng muhimi, ehtimoliy avariyaviy holatlarning oldini olish va tarmoqlarning ishonchliligini ta’minlashga erishilmoqda.
Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatga tayyor turish uchun zarur moddiy-texnik zaxiralar ham shakllantirildi. Xususan, 200 tonna transformator moyi, 5 tonna turli rusumdagi sim, 10 kilometr kabel mahsuloti, 60 dona metall va temir-beton tayanch ustunlari, 5 555 ta izolyator hamda podstansiyalar uchun turli quvvatdagi 97 ta transformator zaxirasi yaratildi.

Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish uchun 222 ta navbatchi brigada tashkil etilgan. Ular maxsus avtotransport, zarur ehtiyot qismlar, aloqa va himoya vositalari bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, elektr qurilmalarida avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda tezkor axborot almashinuvini ta’minlash va yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Situatsion tahlil boshqarmasida rahbar va mas’ul xodimlarning 24 soatlik navbatchilik rejimi yo‘lga qo‘yilgan.
Iste’molchilarni ham mavsum davomida amalga oshiriladigan ishlardan xabardor qilib borishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Rejali ta’mirlash ishlari va favqulodda o‘chishlar haqidagi ma’lumotlar Axborot xizmati bilan hamkorlikda rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali muntazam e’lon qilib boriladi, – dedi S.Ortiqov.
Tadbir yakunida mutasaddilar jurnalistlarning mavzuga oid savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati