E’lonlar
O‘zbekistonda quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi loyihasi doirasida investorlarning moliyaviy takliflari ochilishi
  • 16.09.2021
  • 393

  2021-yil 16-sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyili asosida shamol elektr stansiyasini (SHES) qurish bo‘yicha loyiha moliyaviy takliflarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng moliyaviy takliflar (tarif) natijalari e’lon qilindi.

  O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi shamol elektr stansiyasi 2 yil ichida ishga tushiriladi.

  Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” va Fransiyaning “Voltalia” kompaniyalari shamol elektr stansiyasini qurish uchun o‘z texnik, tijoriy va moliyaviy takliflarini taqdim etdi. “ACWA Power” kompaniyasi 1 kilovatt-soat uchun 2.5695 AQSH sent tarif taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.

  Shuningdek, “Masdar” kompaniyasi 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 2.6550 sent va “Voltalia” kompaniyasi 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 3.2790 sent taklif bergan.

Sherzod Xodjayev, Energetika vazirining o‘rinbosari:

  “O‘zbekiston “yashil energiya”ni ishlab chiqarish va iste’molchilarni ushbu manbalar bilan ta’minlash, mamlakatning qazib olinadigan yoqilg‘i manbalariga qaramligini kamaytirish va СO2 chiqindi gazlarini kamaytirish borasida ulkan yutuqlarga erishmoqda. Ushbu loyiha o‘sib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish uchun ekologik toza, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha strategiyamizning asosiy maqsadi hisoblanadi.

  Biz shamol energiyasi ishlab chiqaruvchilar xalqaro hamjamiyat safiga qo‘shilar ekanmiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda ishlayotganimizdan xursandmiz”

  O‘zbekiston YTTB bilan yaqindan hamkorlik qilib, mamlakatning energetika sohasini xususiy investitsiyalarga ochish va xorijiy kapitalni samarali va oshkora jalb qilish, shuningdek, atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish va “dekarbonatizatsiya” qo‘shma dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib bormoqda.

  Bu loyihalar O‘zbekistonda 2030-yilgacha 3 GVt ekologik toza shamol energiyasini ishlab chiqarish strategiyasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha amalga oshirilgach, yiliga issiqxona gazlarning chiqindilarini 160 ming tonna ekvivalentiga kamaytirishga yordam beradi va qo‘shimcha ravishda 350 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1469

✍️"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>