Korrupsiyaga qarshi kurashish
"Ulug‘ yo‘l" gazetasida "Davlat xaridlari: faoliyatning ochiqligi va shaffofligi" sarlavhali maqola chop etildi
  • 27.03.2024
  • 24

Mamlakatimizda oxirgi olti-yetti yil ichida sanoatni rivojlantirishga katta e'tibor berilib, ayniqsa o‘rta va kichik biznesga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu esa, o‘z navbatida, energiya resurslariga bo‘lgan talabni oshirib, O‘zbekiston energetika tizimida yirik investitsion loyihalar hisobiga itsodiyotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘z-o‘zidan ma'lumki, iqtisodiyot tarmoqlarining jadal rivojlanishida korrupsiya va uning oqibatlariga qarshi kurashish, davlat xaridlari tizimining shaffof va ochiq bo‘lishini ta'minlash, umumlashtirib aytganda, davlat ulushi bor korxona va tashkilotlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan korporativ va byudjet buyurtmachilarida davlat xaridi tizimini yanada takomillashtirish hamda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, ularning joriy ishlab chiqarish faoliyati uzluksiz amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida bir qator qaror va farmonlar imzolandi, bu boradagi huquqiy normativ hujjatlar takomillashtirilib, xaridlar tizimi raqamlashtirilmoqda.

Davlat unitar korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlarining bu boradagi mas'uliyatini oshirish, mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fiskal xatarlarni pasaytirish — ko‘zlangan maqsadlarga muvofiq tarzda olib borilishi lozim.

Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikka katta imkoniyatlar berilayotgani va bu davlat siyosatining bosh islohotlaridan biriga aylanganidan so‘ng davlat xaridlari tizimini shakllantirish va takomillashtirish maqsadida islohotlar o‘tkazishga katta ahamiyat berildi. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2023–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezidenti qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Demak, ushbu tizim yanada rivojlanishi va takomillashuvi lozim. Boshqacharoq aytganda, davlat xarjlari jarayoni samarador ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi, jarayon ochiq va shaffoflikni ta'minlay olishi, korrupsiyaga qarshi kurashishda uning mukammalligi kafolatlangan bo‘lishi va turli kiberhujumlardan himoyalangan bo‘lishi ham lozim.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, keyingi vaqtlarda mamlakatimizda davlat xaridlari sohasini rivojlantirish borasida qator yutuqlarga erishilgani rost. Misol uchun, davlat xaridlari jarayonlari raqamlashtirildi; xaridlarni amalga oshirishda raqobat muhitining kengayishiga imkoniyat yaratildi; davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning barcha uchun ochiqligi va shaffofligi ta'minlana boshlandi; tadbirkorlik sub'ektlariga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligiga qaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar yaratila boshlandi.

Shu bilan birga, davlat xaridlari sohasini yanada takomillashtirish, shuningdek, kelgusi yillar uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan davlat xaridlari sohasidagi yagona siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, mazkur jarayonda ishtirok etuvchi taraflarning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini monitoring, tahlil va nazorat qilishning raqamli texnologiyalarga asoslangan kompleks tizimini joriy — davlat xaridlarining ochiq va shaffof mexanizmini yaratish, uni takomillashtirish, savdolarning korrupsiyadan holi tarzda o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida respublikada amalga oshirilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni uzviy davom ettirish bilan birga mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartarafga qaratilgan navbatdagi bosqich amaliyotlaridir.

Shu o‘rinda mavjud muammolarni ham alohida tilga olish va buni oshkor bayon qilish, aniqrog‘i yuzaga kelayotgan muammolar orqali davlat xaridlari jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish lozim. Davlat xaridlari jarayonidagi kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani, bu borada izchil islohotlar olib borilayotganiga qaramay xaridlarni amalga oshirish bilan bog‘liq ayrim muammo va kamchiliklar yuzaga kelmoqda. Masalan, xarid qilish tartib-taomiliga ko‘ra elektron do‘konda barcha davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar qatnashish imkoniyatiga ega. Davlat korxonalari tomonidan tovar (ish xizmat)ga talab bo‘lganda elektron portalga e'lon beriladi va kichik ma'suliyati cheklangan jamiyatlar va yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan tashkilotlar o‘z xizmatlari va tovarlarini taklif qilib savdoda qatnashishadi. Aslini olganda bu tashkilotlar ushbu xizmat bilan shug‘ulllanmaydi yoki zahirasida mahsulot tovarlar mavjud bo‘lmaydi. Oqibatda savdo jarayoni amalga oshmaydi va avtomatik ravishdagi elektron shartnomaga asosan shartnoma shartlari bajarilmaydi. Bu, o‘z-o‘zidan, yuridik jihatdan chora ko‘rishga ma'muriy jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘lsa-da, bu ishga yo‘l qo‘yganlar ko‘p hollarda shartnomani bekor qilish bilan kifoyalanishmoqda. Afsuski bunday shartnomalar va tashkilotlar soni ortmoqda.

Bu borada savdoda qatnashuvchi qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar o‘z ishini qonuniy bajarish o‘rniga davlat korxonasi xodimlariga soxta hisob-faktura evaziga mo‘maygina pul taklif qilish holatlari ham kuzatilmoqda.

Shu kabi vaziyatlarni oldini olish uchun respublikamizda davlat xaridi tizimini takomillashtirish va kichik biznes subyektlarini davlat buyurtmalarida ishtirokini ta'minlash orqali, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga ta'sir etish masalasiga dolzarb yo‘nalish sifatida e'tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, xorijiy tajribalarni o‘rganish va davlat xaridi tizimida bu tajribalardan foydalanish, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik va kichik biznes sub'ektlari faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi va qilinmoqda.

Barchamizga ma'lumki, davlat va jamiyatda kechayotgan demokratik islohotlar samaradorligini ta'minlash va yanada chuqurlashtirish, aholining mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida faol ishtirok etishiga zamin yaratishda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini ta'minlash, ularni odamlar o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda etadigan xolis va tezkor minbarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Chunki jamiyat a'zolarining axborot olish, axborotni va shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligi mamlakatimizda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim shartidir.

Rivojlanayotgan davlat va o‘ziga xos tarzda yangilanayotgan jamiyat mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, qabul qilinayotgan qarorlar, kelajak uchun mo‘ljallanayotgan ijtimoiy dasturlar, ularning mazmun-mohiyatidan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi shart. Shu bilan birga, davlat xaridlariga oid ma'lumotlarning ochiq va shaffof bo‘lishi — jamoatchilik nazorati o‘rnatilishida muhim omil hisoblanadi.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilishi, unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta'minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma'lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u berilishi amaliy tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mablag‘larining samarali sarflanishi — har bir davlatning har qanday davrdagi muhim masalalardan biri. Davlat xaridi jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun va qarorlar ushbu masalalarning yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilarning mas'uliyatsizligi yuzasidan javobgarligiga belgilangan jarima miqdorining kamligi buyurtmachilarga tovar (ish, xizmat)larning o‘z vaqtida va belgilangan talablarda yetkazib berilishida bir qator muammolarga sabab bo‘layotgani rost.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ushbu soha vakillarining davlat va korporativ xaridlar jarayoni jalb qilish orqali davlat tashkilotlarining uzluksiz va samarali faoliyat ko‘rsatishi ta'minlanadi.

Shulardan kelib chiqqan holda, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat xaridlarini amalga oshirishdagi moliyaviy munosabatlarini samarali tashkil etish yuzasidan quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar qilish huquqiga ega bo‘lgan tovar (ish, xizmat)lar ro‘yxatini kengaytirish; davlat xaridi jarayonidagi ishtirokchilarning mas'uliyatsizligi yuzasidan javobgarligini kuchaytirish; davlat xaridi jarayoniga tadbirkorlik sub'ektlariniya yanada keng jalb qilishda xorij amaliyotini o‘rganib chiqish; Davlat xaridlarini amalga oshirish va bu jarayonni nazorat qilishga mas'ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning (yuqori va o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining) OAV hamda jamoatchilik vakillari oldidagi hisobotini matbuot anjumani va brifing shaklidagi tashkil etish lozim.

Buning natijasida, buyurtmachilarga zarur bo‘lgan tovarlar, ishlar, xizmatlarning maxsus axborot portalida e'lon qilinishi natijasida sanab o‘tilgan ishlar, xizmatlarga bo‘lgan takliflar soni keskin oshadi, ular orasidagi raqobatning mavjudligi sababli, tovar, ish, xizmatlarning narxini tushishiga olib keladi, sifat talablariga rioya qilish ko‘rsatkichi yuklasadi. Natijada xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning mazkur tovar, ish, xizmatlar uchun ajratilgan pul mablag‘lari tejaladi.


https://t.me/gazetalar_sharhi/27889

ДАВЛАТ УЛУШИ БОР КОРХОНАЛАРДА ДАВЛАТ ХАРИДЛАРИНИ ТАШКИЛ ЭТИШ («Ўзбекистон миллиий электр тармоқлари» акциядорлик жамияти мисолида)

DAVLAT ULUSHI BOR KORXONALARDA DAVLAT XARIDLARINI TASHKIL ETISH («O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati misolida)

 

Nigora Abdullayeva, «O‘zbekiston MET» AJ Muvofiqlik tizimi (komplaens) xizmati boshlig‘i

 

 

Facebook  ‖ InstagramYoutube

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>