2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Korrupsiyaga qarshi kurashish
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash natijalari: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati — 71 ball (qoniqarli)
  • 08.04.2025
  • 70

AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda  Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi davlat rahbari tomonidan  belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosi xususida maʼlumot berildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yil  103 ta davlat tashkilotining   2024-yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan o‘tkazildi. Shundan 14 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 89 tasi esa takroran baholandi.

Natijalarga ko‘ra, 41 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 53 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 9 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifaga ajratildi. 

Tahlillar ko‘rsatishicha, bu yil reyting natijalari o‘rtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkilotlari tomonidan o‘rtacha 68,9 ballni tashkil etgan), 2022-yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkilotlari tomonidan 59,5 ball) yaxshilangan.

Shuningdek, ijobiy natija qayd etgan davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishda samarali mexanizmlarning joriy etilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.

Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71,4 %ga, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 47,8 %ga, hokimliklarda 43,2 %ga, tijorat banklarida 31,9 %ga, Adliya vazirligi tizimida 21,9 %ga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida 8,3 %ga kamaygan.

2023-yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Agentlik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida ularning faoliyatida ham ijobiy o‘sish kuzatildi.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi 85 ball (2023-yilda – 10 ball), “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ 83 ball (28 ball), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 82 ball (50 ball), Madaniy meros agentligi 82 ball (22 ball), Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi 78 ball (5 ball), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 72 ball  (18 ball) bilan ijobiy natija qayd etgan.

Shuningdek, “O‘zbekko‘mir” AJ  (48 ball) o‘tgan yili ijobiy natija (2023-yilda – 60 ball) qayd etgan bo‘lsa, joriy yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” toifadan joy oldi. Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati 9 ball bilan (2023-yilda – 16 ball) ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” deb baholandi.

“Qoniqarsiz” toifadagi 9 ta tashkilotda korrupsiyaga oid preventiv mexanizmlarni qo‘llash, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, aniqlangan va baholangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini samarali tashkil etish kabi muhim vazifalarning bajarilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar taqdim etilmagan.

 “Qoniqarli” deb topilgan 53 ta davlat tashkiloti faoliyatida ham ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha tadbirlar bajarilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda taqdim etish choralari ko‘rilmagan.

 “Yaxshi” deb topilgan 41 ta davlat tashkiloti faoliyatida birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan. Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni samarali joriy etish, shu jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid izchil choralar shular  jumlasidandir.

Reyting baholash tizimida eng yuqori natija “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (96 ball), Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (95 ball), Markaziy bank (94 ball), Soliq qo‘mitasi, (92 ball), “O‘zbekneftgaz” va “Uzbekistan Airports” AJlari (92 ball), Raqamli texnologiyalar va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari (91 ball) tomonidan qayd etildi.

Baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. 

“Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yana-da yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan  “komplayens nazorat” tuzilmalari ishini tubdan o‘zgartirish, jumladan,  117 ta vazirlik va idoradagi nazorat tuzilmalari rahbarlarini lavozimidan ozod etib, ularning, o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlarni tayinlash, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hozirgi kunda vazirlik va idoralardan 112 tasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilma rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 5 tasida topshiriq ijrosini taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.

Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari lavozimlarini 20-aprelga qadar ochiq tanlov to‘ldirish yuzasidan vazirlik va idoralarga Agentlikning topshiriq xati yuborildi.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvtaʼminot” AJlarining komplayens-nazorat tuzilmalarini Agentlikka o‘tkazish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, hamkorlikda tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan  belgilab berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlash ishlari davom ettirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Manba: https://aca.uz/ 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati