⚡️ Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi magistral elektr tarmoqlari filiallarida avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida tun-u kun faoliyat yuritadigan navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarda navbatdan tashqari nazorat ko‘riklari o‘tkazilmoqda.
E’tiboringizga havola etilayotgan suratlarda «Jizzax magistral elektr tarmoqlari» filiali mutaxassislarining magistral elektr tarmoqlari va yuqori kuchlanishli podstansiyalarda o‘tkazgan nazorat ko‘rigi hamda joriy ta’mirlash ishlari aks etgan.
Nazorat ko‘rigida aniqlangan kamchiliklar maxsus texnika va mexanizmlar bilan qurollangan taʼmirlash-sozlash guruhlari tomonidan bartaraf etilmoqda. Jumladan, mutaxassislar metall konstruksiyali ustunlarni mustahkamlash ishlarini davom ettirib, shikastlangan tarmoq elementlari almashtirilmoqda.
⚡️ Bundan tashqari, liniyalarning kontakt birikmalari teplovizor ko‘rigidan o‘tkazilib, chaqmoqqaytargich troslar hamda kontur yerlagichlar holati tekshirilmoqda.
Shu bilan birga, Podstansiyalar xizmati mutaxassislari Jizzax viloyatidagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarga o‘rnatilgan transformatorlarining yog‘ sathi meʼyori, sovitish tizimi sozligi va boshqa meʼyoriy ko‘rsatkichlarini nazoratga olish bo‘yicha tegishli amaliyotlarni bajarishmoqda.
Shuningdek, mutaxassislar 220 kV kuchlanishli, texnik-muhandislik nomi L-B-Ch bo’lgan elektr tarmog’ining bir nechta tayanch ustunlarida qushlar qo’nishiga qarshi moslamalar o’rnatib, singan izolyatorlarni almashtirishdi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari va yuqori kuchlanishli podstansiyalar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga uzatish (transportirovka), shuningdek, elektr energiyasi davlatlararo tranziti bilan shug‘ullanadi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati