2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Salim Eshonqulov: TEJAMKORLIK – FAROVON HAYOT KAFOLATI
  • 01.05.2025
  • 25

VAZIYAT, HARAKAT, NATIJA, ISTIQBOL

Barchaga birdek maʼlumki, bugungi kunda jahon bo‘ylab energiya resurslariga bo‘lgan talab borgan sari ortib bormoqda. Energiya resurslari zaxirasining kamayib borishi hamda uni ishlab chiqarish, uzatishdagi jarayonlarning murakkabligi tufayli uning bahosi ham oshib borishi vaziyatni yana-da keskinlashtirmoqda. Olamdagi geosiyosiy ziddiyatlar ham energiya resurslarining bahosi va hajmiga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olsak, dunyoda energiya resurslaridan unumli va samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan ekanligi oydinlashadi. Shu o‘rinda uning bir necha asosiy sabablarini ham keltirib o‘tish mumkin. Jumladan, Yer yuzidagi insonlar sonining o‘sib borishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab keskin ortgan (bunda Afrika va Osiyo qitʼalari yetakchilik qilmoqda). Qolaversa, kun sayin ishlab chiqarish korxonalarining ko‘payib borishi va har turdagi tadbirkorlik subyektlarining rivojlanishi, uglerod yoqilg‘isidan foydalanilganda atmosferaga zararli gazlarning chiqarilishi tufayli ekologiyaga salbiy taʼsiri hamda Yerdagi o‘rtacha haroratning oshib borishi (hozirgi kunda 600ga yetdi) natijasida doimiy muzlarning erib borayotganligi bois suv toshqini hamda boshqa tabiiy noxushliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotganini sanab o‘tish mumkin.

Ushbu muammolarni har bir davlat o‘z imkoniyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda turli dastur hamda chora-tadbirlar ishlab chiqib, hal qilishga urinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son Qarori qabul qilinib, unda mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni taʼminlash dasturi ishlab chiqilgan. Xususan, issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizdan ko‘prog‘iga yetkazish, sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish hamda yiliga 200 mln dona ko‘chat ekish, ularning sonini 1 mlrddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish singari ustivor vazifalar belgilangan.

Yaqinda Prezidentimiz huzurida tegishli soha rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yirik sanoat korxonalarida energiya tejovchi qurilmalarni o‘rnatish hamda energiya isrofini kamaytirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish va 2025-yilda 1,1 mlrd kub metr gaz, shuningdek, 2,6 mlrd kVt soat elektr energiyasini tejash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yurtimizda ekologiya bo‘yicha Parij bitimiga muvofiq O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishni saqlagan holda 2030-yilga qadar issiqxona gazlari tashlanmalarini 2010-yilga nisbatan 10%ga qisqartirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bunga dalil sifatida keyingi yillarda yirik qayta tiklanuvchi energiya manbalari (shamol va quyosh fotoelektr stansiyalari)ning ishga tushganligi hamda 2030-yilga borib yashil energiyaning ulushi 40 foizga yetkazilishi reja qilinganligini keltirishimiz mumkin. Yangi loyihalarning pirovard natijasi elektr taʼminotidagi barqororlikni taʼminlash bilan birga atrof muhitni, ekologiyani yaxshilashga to‘liq xizmat qiladi.

Respublikamizda energiya resurslari bilan barqaror, kafolatli taʼminlash barobarida energiyadan unumli foydalanish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish maqsadida Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tashkil etilgan. Komissiyaning asosiy faoliyati yurtimizdagi barcha sohalarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ustivor vazifalarning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni tashkil etish hamda har bir chorakda erishilgan natija, shuningdek, mavjud kamchiliklarni izma-iz bartaraf qilib borishdan iborat.

2025-yil 4-aprel kuni ko‘hna Samarqand shaxrida ikkita katta anjuman Yevropa ittifoqi — Markaziy Osiyo sammiti va Xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tdi.

Dunyoning yirik davlatlari rahbarlari, siyosatchilar hamda chet el jamoatchiligi qatnashgan ushbu forumda Prezidentimiz nutq so‘zlab, “yashil makon” loyihasi doirasida keng qamrovli ishlar olib borilayotganligi, yaʼni ko‘kalamzorlashtirish, Orol bo‘yidagi cho‘l xududlarida qurg‘oqchilik va sho‘rlikka chidamli o‘simliklar ekilganini qayd etib, daraxtlar ekish bo‘yicha “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” aksiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Markaziy Osiyoning asosiy suv manbasi bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryoning suv hajmi 2040 yilga borib keskin kamayishi munosabati bilan suv taqchilligi o‘z taʼsirini ko‘rsatishi alohida qayd etildi. Shuningdek, bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan bir qancha takliflar ilgari surildi. Jumladan, Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish va mintaqaviy dasturni ishga tushirish, muzliklar holatini uzluksiz sunʼiy yo‘ldosh orqali kuzatish va mintaqaning tog‘ ekotizimlari uchun xavflarni erta aniqlash bo‘yicha “Kopernik” dasturi doirasida Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik qilish kabi takliflar ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi.

Bundan tashqari, sessiya suhbatlarida chet ellik iqlim ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda keyingi yillarda suv resurslaridan unumli foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish hamda iqlimning salbiy o‘zgarishlariga qarshi keskin choralar ko‘rayotganligi, tegishli dasturlar qabul qilinib, ishlar izchil olib borilayotganligi alohida eʼtirof qilindi.

O‘zbekiston energetika tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr stansiyalarida hosil qilingan elektr energiyasini o‘zining (11 773,9km) magistral elektr tarmoqlari (500-220kV) orqali hududlarda joylashgan yirik podstansiyalarga uzatgan holda qo‘shni davlatlarning energiya tizimi bilan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Bunda elektr energiyasini uzatishda elektr tarmoqlaridagi texnologik yo‘qotishlarning ortib ketmasligi va belgilangan meʼyorda bo‘lishi Jamiyatning asosiy ko‘rsatkichi hisoblanib, texnologik yo‘qotishlarning ortib ketishi o‘z navbatida iqtisodiy xarajatlarning ham ortishiga sabab bo‘ladi.

Jamiyat tomonidan texnologik yo‘qotishlar ulushini qisqartirib borish va energiya samaradorligini oshirish borasida tegishli loyihalarning amalga oshirilishi hamda podstansiyalardagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarining izchil davom ettirilishi natijasida 2021-2024-yillarda magistral elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar kamayib borishiga erishilgan.

 

 

 

Magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlarning kamayishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar ham talaygina. Jumladan, magistral elektr tarmoqlarining har bir havo tarmog‘i va podstansiyasidagi texnologik yo‘qotishlarni hisoblash yo‘li bilan aniqlab chiqish hamda amaldagi yo‘qotishlar bilan taqqoslab borish, ortib ketish holatlari sodir bo‘lganda uning zudlik bilan bartaraf etilishi, elektr energiyasi qabulidagi va uzatishdagi o‘lchov majmuasining asboblarini soz holatda ekspluatatsiya qilinishi, aniqlik darajasiga eʼtibor qaratilishi, podstansiyalarda modernizatsiya va rekonstruksiya loyihasi doirasida eskirgan elektr uskunalari o‘rniga zamonaviy, tejamkor bo‘lgan uskunalarning bosqichma-bosqich o‘rnatib borilishi hamda yangi ishga tushirilayotgan DXSH asosidagi quyosh fotoelektr stansiyalari, issiqlik elektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalarining yangi yuqori kuchlanishli tarmoqlar orqali mavjud tizimga ulanishi ham ijobiy taʼsir ko‘rsatgan holda texnologik yo‘qotishlarning kamayishiga xizmat qilmoqda. (Xorazm viloyatidagi “ODASh Enerji CA” MCHJ stansiyasining ishga tushirilishini misol tariqasida keltirish mumkin. Bunda “Taxiatosh IES” bilan “Xorazm” podstansiyasini bog‘lovchi 220kV L-1-X-1 va L-1-X-2 magistral elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar kamayishiga erishildi). Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida markaziy boshqaruv binosi va viloyatlarda joylashgan barcha maʼmuriy binolarda jami quvvati 753 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, yashil energiya hosil qilingan holda isteʼmoldan ortiqchasi tuman, shahar elektr tarmoqlariga uzatilib kelinmoqda.

Kelgusida Jamiyatimizning iqtisodiy-texnik ko‘rsatkichlarini yana-da yuksaltirish maqsadida raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bular misolida “Jahon banki ishtirokida “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 3-fevraldagi PQ-113-sonli qarorga ko‘ra “O‘zbekiston MET” AJ yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i tizimini monitoring qilish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Dispetcherlik nazorati va maʼlumotlarni yig‘ish” bo‘yicha yangi texnik-dasturiy kompleks (SCADA) hamda “Elektr energiyasi oqimini boshqarish” tizimi (EMS)ni joriy etish choralari kabi loyihalarni (loyihaning umumiy qiymati 125,0 mln dollar) amalga oshirish belgilangan. 2030 yilgacha asosiy bajariladigan ishlar ko‘lami belgilanib, aniq chora-tadbirlar asosida munosib ko‘rsatkichlarga erishish harakatlari strategiyasi tasdiqlangan.

Xulosa qilib aytganda, Jamiyatimiz bo‘yicha elektr energiyasini uzatishda mustahkam barqarorlik hamda energiya resurslarini tejash, shuningdek, energiya samaradorligiga erishish albatta eng ustivor vazifalardan hisoblanadi.

 

Salim ESHONQULOV, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati