AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov elektr tarmog‘i ob’ektlari bilan tutash hududlarda agrotadbirlarni o‘tkazish tartib va talablari haqida ma’lumot berdi.
Unda qayd etilganidek, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga tutash ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni tashkil etishda e’tiborli bo‘lish talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi qaroriga muvofiq, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarining barqaror ishlashi uchun, muhofaza zonalarida ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish taqiqlangan.
Unga ko‘ra, elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash (otish), shuningdek, ularga ko‘tarilish mumkin emas. Ya’ni, temir-beton va metall konstruksiyali tayanch ustunlariga chiqish, ularning tarkibiy elementlariga shikast yetkazish, metall bo‘laklarini yechib olish, mustahkamligiga putur yetkazish, shuningdek, tayanch ustunlari ostini yumshatish qat’iyan man etilgan. Shu bilan birga, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday ob’ekt yoki materiallarni joylashtirish mumkin emas. Bu, ayniqsa, navbatchi brigada va qurilish-montaj guruhi xodimlari hamda avtotransport vositalari harakati uchun muhim hisoblanadi.
Elektr uzatish havo va elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish xavfli hisoblanadi. Elektr uzatish liniyalari muhofaza zonasi hamda podstansiyalar yaqinida qishloq xo‘jaligi ekinlari qoldig‘ini to‘plash va yoqish mumkin emas. Shuningdek, muhofaza zonasida turli tadbirlarni o‘tkazish, savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixona barpo etish va yoqilg‘i-moylash materiallarini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, tadbirda elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi maydonida ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish, muqim va ko‘chma savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixona tashkil etish, yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash, ularni saqlash va quyishni amalga oshirish taqiqlanishi aytib o‘tildi.
–Muhofaza zonalarida taqiqlangan ishlar, jumladan, yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlik mavjud. Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarining muhofaza zonalari masofasi elektr uzatish liniyalarining kuchlanish miqdoriga mos tarzda belgilab berilgan. Xususan, 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 15 metr, 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 20 metr, 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 25 metr va 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 30 metrni tashkil etadi.
Aytish kerakki, elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab, elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi masofaga ega parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi elektr uzatish liniyalarining “muhofaza zonasi” deb ataladi, –dedi U.Urunov.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati