Barchamizga ma’lumki, haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” etib belgilangan.
Ushbu tashabbus milliy qadriyatlarimizni yanada targ‘ib qilish, an’analarimizni asrab-avaylash hamda milliy liboslarimizning kundalik hayotimizda tutgan o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur tashabbus doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari ham faol ishtirok etib, haftaning har juma kuni o‘zbek milliy liboslarida ish joylariga tashrif buyurdilar.
Ayollarning atlas va adras kabi milliy matolardan tikilgan liboslari nafaqat estetik go‘zallik balki, xalqimizning boy madaniy merosini ifoda etib, ish muhitiga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Erkaklarga milliy bosh kiyimi — do‘ppilar yarashgan.
“Milliy liboslar kuni” nafaqat tashqi ko‘rinish, balki milliy o‘zlikni anglash, o‘zbekona qadriyatlarni hurmat qilish va yosh avlodga ulug‘ ajdodlarimiz merosini yetkazish kabi muhim maqsadlarga ham xizmat qiladi.
Bu tashabbus va an’ana Aksiyadorlik jamiyati Markaziy apparatidan tashqari barcha magistarl elektr tarmoqlari filiallarida ham davom ettirilmoqda.
Bugun – xalqimizning bebaho madaniy merosini, qadimiy urf-odatlarini va o‘ziga xos didini aks ettiruvchi Milliy liboslar kuni!
Milliy liboslarimiz – bu nafaqat kiyim, balki ajdodlarimizning hayot falsafasi, mehnatkashligi va go‘zallikka intilishini mujassam etgan bebaho an’anadir. Ular orqali biz o‘zligimizni, milliy g‘ururimizni, tarixiy ildizlarimizni yana bir bor his etamiz.
Bu kun barchamizga milliy qadriyatlarimizni e’zozlash va kelajak avlodga ulug‘vor meros sifatida yetkazish zarurligini eslatadi.
MILLIYLIGIMIZDAN QO‘YMASIN!
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati