O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan “China Datang Overseas Investment So., Ltd.” va “Dongfang Electric” xalqaro korporatsiyasi bilan imzolangan memorandum doirasida joriy yilning 21 – 30-aprel kunlari Xitoyning Sichuan provinsiyasi, Chendu shahrida joylashgan “Silk Road Energy Joint Technology Innovation R&D Center” markazida vazirlik va tizim korxonalari, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda Toshkent davlat texnika universitetining professor-o‘qituvchilari uchun “Zamonaviy energetika texnologiyalari” mavzusidagi amaliy o‘quv seminarning navbatdagi bosqichi tashkil etildi.
Amaliy o‘quv seminarda Xitoy Xalq Respublikasining zamonaviy energiya manbalari, jumladan, “yashil” va kam uglerodli energiya resurslarini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish bosqichlari bilan yaqindan tanishtirilib, ularning nazariy bilimlari oshirildi.
Shuningdek, xodimlar “Datang Sichuan Power Generation” kompaniyasida tashkil etilgan zamonaviy dispetcherlik markazi, “Dongfang Electric” korporatsiyasining “Dongfang Electric Machinery”, “Dongfang Turbine”, “Dongfang Boiler”, “Dongfang Electric Wind Power” ishlab chiqarish korxonalari hamda quyosh fotoelektr qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yirik “TW Solar” kompaniyasida bo‘lib, avtomatlashtirilgan texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi.
Mutaxassislar malakasini oshirish bilan bir qatorda soha kadrlarini qayta tayyorlash tizimini mustahkamlash hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida, Chunsin elektr energetika kolleji mutasaddilari va professor o‘qituvchilari ishtirokida kollejning o‘quv jarayonlari, amaliyot bazasi bilan tanishilib, o‘zaro tajriba almashildi hamda kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mazkur amaliy o‘quv-seminarlarda olingan bilim, ma’lumot va tajribalarni tizimdagi mutaxassislarga yetkazish va malakasini oshirish uchun bugungi kunda onlayn o‘quv-seminar va treninglar tashkil etilmoqda.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/16081
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati