O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 9-aprelda hududlarning turizm salohiyatini yana-da oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish uchun har oyning bitta shanba va yakshanbasi — “Oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish kuni” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi hamda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari Respublika kengashi ijroiya qo‘mitasining 2025-yil 28-apreldagi 4q/q-18-13 “s”-sonli qo‘shma qaroriga asosan, “O‘zbekiston MET” AJ rahbariyati va Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining tashabbusiga ko‘ra, 2025-yil 9–10-may kunlari (bayram sanasi va dam olish kuni) Aksiyadorlik jamiyati Markaziy apparati ishchi-xodimlari va ularnig oila aʼzolaridan iborat guruh (60 nafar) Zomin tog‘ maskaniga ekoturizmga olib borildi.
Xodimlar Zomin tog‘larining mahobati va go‘zalligidan bahramand bo‘lishdi, osma dor yo‘lidan tog‘ning yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilishdi, jar ustiga o‘rnatilgan ekstremal osma ko‘prikdan o‘tib, toza havodan nafas olishdi. Ayrim jasur xodimlar “Ziplayn” deb atalmish ekstremal sport turi, yaʼni ikkita tog‘ orasidagi arqondan uchib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi.
Bundan tashqari, 1000 yillik archa, “Sherbuloq” bulog‘i yonidagi yashil bog‘ atrofida jamoaviy fotosessiya suratga olindi. Tabiat qo‘ynidagi Zomin-Wyndham mehmonxonasida madaniy hordiq chiqarishdi, 3 mahal “erkin tanlov” dasturxonidagi tansiq taomlardan tanavvul qilishdi.
Ekoturizm tadbiri yakunida barcha xodimlar va ularning oila aʼzolari o‘tkazilgan sayohatdan iliq taassurotlar bilan o‘z manzil-makonlariga, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sayyohlik avtobusida eltib qo‘yildi.
Nodira Xidirova, “O‘zbekiston MET” AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati