⚡️ Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati xorij tajribasini o‘rganish va mutaxassislar malakasini oshirish borasida dunyoning yetakchi mamlakatlari elektr energetika tizimi korxonalari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Misol uchun, 2024-yilning iyun oyida Aksiyadorlik jamiyati ishchi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi elektr energetika korxonalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish barobarida yuqori kuchlanish elektr tarmoqlari tayanch ustunlarining yerlagich tizimiga oid innovatsion yechimlarni o‘rganib qaytishgan edi.
Bugun, 2025-yil 12-may kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati kichik majlislar zalida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari tayanch ustunlarining yerlagich tizimiga oid innovatsion ishlanmalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Sankt-Peterburg shahridan tashrif buyurgan “VOLT-SPB” kompaniyasi yuqori qarshilik xossasiga ega asoslar (tuproq) uchun yerlagich tizimlari xususidagi taqdimot materiallarini taqdim etishdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur korxona chaqmoqdan himoya (yashinqaytargich) va yuqori samaradorlikka ega yerlagich tizimiga oid innovatsion ishlanmalarini tegishli tartibda patentlagan ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va o‘zining innovatsion ishlanmalari bilan dunyoning bir necha mamlakatida hamkorlik faoliyatlarini yuritadi.
Taqdimot tadbirida Aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va mutaxassislaridan tashqari O‘zbekiston elektr energetika yo‘nalishida faoliyat olib boradigan loyiha institutlari hamda qurilish-montaj tashkilotlaridan vakillar ham ishtirok etishdi. Mutaxassislar xorijlik hamkorlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mamlakatimizda yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari tayanch ustunlarining yerlagich tizimiga oid mavjud tajriba va qo‘llanilayotgan yangi ishlanmalar haqida maʼlumot berib o‘tishdi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati