Bugun, 20-may kuni Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialida “O‘zbekiston Respublikasi uchun energetika sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Energetika vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Rossiya elchixonasi vakillari, energetika sohasida faoliyat yuritayotgan aksiyadorlik jamiyatlari rahbariyati, filial professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar qatnashdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda barcha sohalar qatori, energetika sohasida ham malakali kadrlarni tayyorlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining ta’lim sohasiga oid qator Farmon va qarorlari qabul qilinayotgani, bundan tashqari, ta’lim sohasi yuzasidan o‘tkazayotgan yig‘ilishlari buning yaqqol dalili ekanligi alohida ta’kidlandi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida ta’lim sohasi tub ma’noda o‘zgarib bormoqda, bu borada nafaqat talabalarga, balki ustoz o‘qituvchilarga ham keng sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-iyundagi PQ-4350-son qaroriga asosan, Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialining tashkil etilgani ham ushbu yo‘ldagi katta qadamlardan biri bo‘lgani bildirildi. Energetika sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mazkur oliy ta’lim muassasasida bugungi kunda kunduzgi ta’limda 7 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 280 nafar, sirtqi ta’limda 6 ta’lim yo‘nalishida 316 nafar (jami 596 nafar) talaba tahsil olmoqda.
Konferensiya doirasida talabalarni Energetika vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tajribali mutaxassislar bilan qator suhbatlar o‘tkazildi.
Shuningdek, filialda talabalar uchun elektr energetika va elektr texnikasi qurilmalariga oid ko‘rgazmali stendlar tashkil qilinib, ularda sohaga doir elektr qurilmalari hamda ularning afzalliklari, foydalanish xususiyatlari, vazifalari haqida mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uzluksiz integratsiya o‘rnatish, ta’lim sifatini oshirish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga erishishdan iborat.
Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/55554
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati