Bugun Ostona shahrida Markaziy Osiyo energetiklarining ishchi tartibdagi yig‘ilishi doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning 45-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Qozog‘iston Respublikasining “KEGOC” milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi mezbonlik qilayotgan ushbu xalqaro tadbirda 2025/2026-yil kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida barqaror elektr ta’minotini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi. Xususan, kaskadli o‘chishlarning (blek-aut) oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa to‘g‘ri ulash va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishning birinchi qismida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xo‘jaligini sug‘orish (melioratsiya) maqsadida mintaqadagi suv resurslarini oqilona boshqarish masalalari muhokama qilindi. Kun tartibidan o‘rin olgan 2025/2026-yilgi kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, mintaqada barpo etilayotgan yangi energiya stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energetika umumtizimiga integratsiya qilish hamda ulardan maqsadli foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
“O‘zbekiston MET” axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarning elektr energetika tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etyapti. Rossiya Federatsiyasi vakillari esa kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Kengash yig‘ilishi 22-may kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati