2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: “Muzaffar Boboyev: Energiya ta’minoti barqarorligi mintaqaviy hamkorlikdan boshlanadi”
  • 22.05.2025
  • 3

Avval xabar qilinganidek, Ostona shahrida Markaziy Osiyo energetiklarining ishchi tartibdagi yig‘ilishidan so‘ng Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 43-yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

“O‘zbekiston MET” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishning ikkinchi kunida dolzarb masalalar muhokamasiga urg‘u berildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi "Milliy dispetcherlik markazi" davlat unitar korxonasi rahbari Muzaffar Boboyev, “Barqi tochik” energetika kompaniyasi bosh direktori Mahmadumar Asozoda, “KEGOS” kompaniyasi boshqaruv raisi Nabi Aytjanov, “Qirg‘iziston magistral elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori o‘rinbosari Shamil Matayev va boshqalar so‘zga chiqdi. Mintaqa elektr energetika kompaniyalarining vakillari o‘z chiqishida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratdi.

Soha mutaxassislari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo energetika tizimlari - bu hamkorlikdagi faoliyatni muvofiqlashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan kompleks foydalanishni ta’minlash, energetika sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi.

Energetika vazirligi huzuridagi "Milliy dispetcherlik markazi" davlat unitar korxonasi rahbari Muzaffar Boboyev mazkur yig‘ilishdan kutilayotgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi:

– Mintaqada qurilayotgan yangi energiya stansiyalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini umumiy energetika tizimiga to‘g‘ri va izchil integratsiya qilish jarayonlari sohada barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi uzviy hamkorlik va muvofiqlashgan harakatlarni talab etadi.

Bugungi kunda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Har bir mamlakat o‘z ehtiyojini ta’minlash barobarida, mintaqaviy tizimning uzviyligini ham hisobga olishi zarur. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi global tendensiyalar va ekologik talablardan kelib chiqqan holda strategik yo‘nalish sifatida qabul qilingan.

 Ammo ushbu manbalarning o‘z xususiyatlari bor, ya’ni ular faoliyati tashqi omillarga bog‘liq. Shuning uchun ularni umumiy energetika halqasiga samarali va mutanosib tarzda ulash muhim. Biz “Milliy dispetcherlik markazi” sifatida nafaqat ichki tizimlar barqarorligini ta’minlash, balki mintaqaviy hamkorlar bilan uzluksiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi oqimlarini aniq va tezkor boshqarish bo‘yicha ishlarni amalga oshiryapmiz.

Ayniqsa, kuz-qish mavsumida ehtimoliy yuklamalar oshishi va xavf-xatarlar kuchayishi mumkin. Bunday sharoitda tizimli yondashuv, ilg‘or texnologiyalar va uzviy hamkorlik juda muhim.

2025/2026-yil kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmasligi uchun bugundanoq tegishli choralar ko‘rilmoqda. Har bir ishtirokchi mamlakat o‘z imkoniyatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, o‘zaro muvofiqlashtirilgan ish rejalarini tuzishi, xavflarni baholash hamda simulyatsiyalarni amalga oshirishi zarur.

Shuningdek, kengash yig‘ilishida biz suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish masalasiga ham to‘xtaldik. Gidroinshootlar imkoniyatlarini aniqlash, suv omborlarini to‘g‘ri boshqarish orqali elektr ishlab chiqarish va suvdan foydalanish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash  ustuvor vazifa hisoblanadi. 

Ayni paytda mintaqa miqyosida energiya tizimini raqamlashtirish, dispetcherlik boshqaruvini avtomatlashtirish, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va xalqaro tajribani joriy etish bo‘yicha ham aniq rejalar mavjud. Shuning uchun ham bugungi yig‘ilishda muhokama qilingan taklif va yechimlar amaliyotda o‘z samarasini beradi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/muzaffar-boboyev-energiya-taminoti-barqarorligi-mintaqaviy-hamkorlikdan-boshlanadi_722484

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati