Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Navoiy viloyatida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Xususan, Qiziltepa tumanida joylashgan “Farzod kelajak orzusi” MCHJ tomonidan 80 kVt quvvatdagi quyosh paneli orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish hisobiga mahsulot tannarxini kamaytirish hamda ish o‘rinlarini yaratish jarayoni bilan tanishildi.
Shu kabi, Karmana tumanidagi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJda zamonaviy tejamkor energoblok qurilishi bo‘yicha mutasaddi idoralarning hisobotlari tinglandi.
Shu yerda, “Hududgaz Navoiy” GTFning tabiiy gaz taʼminoti bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda avtomatlashtirilgan mahalla balansi “Aqlli mahalla” dasturi hamda tabiiy gazni tejash va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha taqdimotlari o‘tkazildi.
Navbahor tumani elektr taʼminoti korxonasida xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv mashq poligoni bilan tanishildi.
Bundan tashqari, “Yashil Energiya” kompaniyasi tomonidan og‘ir toifadagi mahallalarda quyosh fotoelektr stansiyalari hamda ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
Ishlarni yana-da jadallashtirish bo‘yicha mutasaddi idoralarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Hududlarda o‘rganishlar davom etmoqda.
Bosh prokuraturaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga aʼzo bo‘ling!
Manba: https://t.me/uzbprokuratura/65223
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati