2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Korrupsiyaga qarshi kurashish
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalarining ustuvor vazifalari belgilab berildi
  • 02.06.2025
  • 9

"Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari mustaqilligi hamda faoliyati samaradorligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Quyidagilar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalarining ustuvor vazifalari etib belgilandi:

➖  korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish;

➖  davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

➖  davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, davlat xaridlari bo‘yicha preventiv o‘rganishlarni amalga oshirish;

➖  mehnat jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari bevosita tashkilotning birinchi rahbariga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashiga bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor bo‘ladi;

Tuzilmaning barcha darajadagi rahbar va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xodimlarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi taqdimnomalari ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.

Qaror bilan Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlandi.

Unga ko'ra:

☑️  hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud bo‘lmagan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni:

➖ 150 tagacha bo'lsa, 1 nafar masʼul xodim;

➖ 150-400 gacha bo'lsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat bo‘linma;

➖  400 va undan ortiq bo'lsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat bo‘linma faoilyat yuritadi.

☑️  hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud bo‘lgan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni:

➖  150 tagacha bo'lsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan masʼul xodim;

➖  150-400 gacha bo'lsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan masʼul xodim;

➖  400 va undan ortiq bo'lsa, markaziy apparatda 4 nafar xodimdan iborat bo‘linma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda1 nafardan masʼul xodim faoliyat yuritadi.

Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining belgilangan umumiy soni va ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari uchun ushbu minimal mezonlarda nazarda tutilganidan ko‘proq shtat birliklarini belgilashi mumkin.

Agar davlat organlari va tashkilotlarining hududiy tuzilmasida umumiy shtatlar soni 100 ta va undan kam bo‘lsa, ushbu hududiy tuzilmaning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati davlat organi va tashkilotining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi tarkibiy tashkilotning shtatlar soni 100 ta va undan kam bo‘lsa hamda tarkibiy tashkilotning o‘zida hududiy yoki tarkibiy tashkilotlar mavjud bo‘lmasa, ushbu tarkibiy tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati davlat organi va tashkilotining Markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar tizimdagi tarkibiy tashkilotning umumiy shtatlar soni 400 va undan ortiq bo‘lsa, yuqoridagilarga asosan minimal mezonlar tadbiq etiladi.

 

Маnbа: https://t.me/antikor_uzb/3504

https://t.me/antikor_uzb/3505

 

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati