"Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmon qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, joriy yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
♦ Milliy kengash har yili hududlar kesimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini tasdiqlaydi va ijrosini nazorat qilib boradi;
♦ Oliy Majlis palatalari har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
♦ vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejasi himoya qilinishi yo‘lga qo‘yiladi;
♦ xalqaro tajriba asosida kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
♦ “Jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1–5 sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilinib, hududlardagi prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish choralari ko‘riladi.
Davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.
2025-yilning 1-iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.
Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytiriladi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarini kamida ikki karra qisqartirish choralari ko'riladi.
Shuningdek:
2025-yil yakuniga qadar xalqaro tender obyektlari bo‘yicha subpudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilish, qiymati 2 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkazish hamda xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizim joriy etiladi.
Aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
Sunʼiy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.
Shuningdek, Farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha yil yakuniga qadar ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan 21 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari mazkur Farmon va uning doirasida belgilangan vazifalarni sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgar bo'ladi.
Маnbа: https://t.me/antikor_uzb/3508
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati