2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 4 mlrd kVt⋅soatga yetdi
  • 10.06.2025
  • 25

Bugun soat 12:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 4 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi.

Avval taʼkidlaganimizdek, bugungi kunda mamlakatimizning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4067 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 3 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.

Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi dastlabki quyosh elektr stansiyalari tarmoqqa ulanganidan soʻng 2022-yili 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.

Oʻtgan yili respublikamizning 7 ta viloyatida joylashgan 9 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt·soatni tashkil qildi.

Bundan 29 kun muqaddam, 2025-yil 12-may kuni soat 12:00 da joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan edi.

Bugun soat 12:00 da quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yili ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 4 mlrd kVt⋅soatga yetdi. Bu oʻtgan vaqt mobaynida kuniga oʻrtacha 34,5 mln kVt·soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir.

Mazkur generatsiyaning 2 mlrd 433,1 mln kVt⋅soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 566,9 mln kVt⋅soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.

Buning natijasida:

➖  1 mlrd 212 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;

➖  atmosferaga 2 mln 420 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid, 1 ming 450 tonna azot oksidi, 18,2 tonna oltingugurt dioksidi hamda 484 tonna uglerod oksidi chiqishining oldi olindi.

Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 10-iyun soat 12:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidro elektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 6 mlrd 930 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 18,9 foizini tashkil qiladi.

Buning natijasida:

➖  2 mlrd 110 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;

➖  atmosferaga 4 mln 205 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid, 2 ming 520 tonna azot oksidi, 31,5 tonna oltingugurt dioksidi hamda 840 tonna uglerod oksidi chiqishining oldi olindi.

Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 6 million 930 mingta xonadonning besh oylik yoki 2 million 887 ming 500 ta xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/16612

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati