“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 14 ta magistral elektr tarmoqlari filiallarining telegram kanallari ishga tushirildi. Bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PQ-4366-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 844-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus elektr energiyasi iste’molchilari (jismoniy va yuridik shaxslar) bilan tezkor va samarali axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Telegram kanallar orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 ta viloyatda joylashgan filiallar faoliyati, jumladan: – 35, 110, 220 va 500 kV kuchlanishdagi podstansiya va elektr uzatish liniyalarida amalga oshirilayotgan joriy va mukammal ta’mirlash ishlari, investitsiya loyihalari doirasidagi loyihalash, qurilish-montaj, modernizatsiya va rekonstruksiya jarayonlari, favqulodda va rejali o‘chirish holatlari, filiallar faoliyatiga oid boshqa dolzarb yangiliklar to‘g‘risida aholi muntazam xabardor qilib boriladi.
–Muhim eslatma sifatida ta’kidlaymanki, ajratib qo‘yilgan vaqtda yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida xavfsiz ishlash sharoitini yaratish maqsadida ayrim podstansiya va elektr qurilmalarida kuchlanish vaqtincha o‘chirilishi mumkin. Bunday hollarda iste’molchilar “halqalash” usuli orqali boshqa tarmoqlardan elektr ta’minoti bilan ta’minlanadi. Shu tufayli, ko‘p hollarda rejali ta’mirlash ishlari iste’molchilar tomonidan sezilmaydi. Aynan shunday jarayonlarda ishga tushirilgan telegram kanallar orqali iste’molchilarning xabardorligi oshiriladi. Ma’lumot o‘rnida, elektr ta’minoti bo‘yicha shartnoma tuzish, elektr energiyasini yetkazib berish, hisob-kitoblarni yuritish, transformatorlar va simyog‘ochlar o‘rnatish kabi xizmatlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakolatiga kiradi. Mazkur tashkilot mahalliy tarmoqlarni rivojlantirish va iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mas’ul hisoblanadi, – dedi “O‘zMET” axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov.
N.Ziyodullayeva, O‘zA
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati