2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Elektr tarmoqlarini nazorat qilishda dron texnologiyalari qo‘llanilmoqda
  • 23.06.2025
  • 10

Yurtimizdagi issiq ob-havo sharoiti tufayli elektr energiyasi iste’moli keskin oshgan bir paytda, magistral elektr tarmoqlari va yuqori kuchlanishli podstansiya uskunalari yuqori yuklamada ishlamoqda.

Bunday sharoitda tarmoqlarni muntazam va samarali nazorat qilish talab etiladi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan shu maqsadda zamonaviy uchuvchisiz uchish qurilmalari, ya’ni dronlardan samarali foydalanilmoqda. 

Ushbu texnologiya elektr uzatish tarmoqlarining murakkab relefli hududlaridan o‘tuvchi 35, 110, 220 va 500 kilovoltli liniyalarni masofadan turib tekshirish, nazorat qilish va holatini baholash imkonini beradi. 

“O‘zMET” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov qayd etganidek, dronlar yordamida qisqa fursatda nazorat ko‘rigini amalga oshirish, shuningdek, ehtimoliy avariya holatlarida nosozliklar sababini aniqlash mumkin. Shu bilan birga, mazkur qurilmalar texnik-muhandislik hamda loyihalashtirish ishlarida ham keng qo‘llanilmoqda. 

– Dron texnologiyalari elektr tarmoqlari xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlashda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, issiq kunlarda yuklama oshishi fonida nosozlik xavfi ortishi mumkin. Dronlar nafaqat tezkor tekshiruv, balki inson omillarini kamaytirish, mehnat xavfsizligini oshirish, nazorat jarayonini raqamlashtirish imkonini ham beradi. Bu nafaqat avariyalarning oldini olish, balki iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirishga ham xizmat qiladi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 2022 yil 6 iyulda “2022- 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” davlatimiz rahbarining qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari tomonidan yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu talab asosida magistral elektr tarmoqlari faoliyatida dronlardan foydalanish amaliyoti tajriba tariqasida joriy etilgan, –dedi U.Urunov. 

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ generatsiya jarayonida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini magistral uzatish liniyalari va yuqori kuchlanishli podstansiyalar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazish, shuningdek, elektr energiyasini davlatlararo tranzit qilish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati