Unda Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yoshlar, bir qator oliy ta’lim muassasalarining talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Energetika vaziri barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda yoshlarning rolini oshirish, ularga imkoniyatlar, yaxshi sharoitlar yaratib berish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi.
Bu borada qator qonunlar va qarorlar qabul qilinayotgani, sohalar rivojida yoshlarning o‘rni nihoyatda katta ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda tizimda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bugungi kunda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 100 mingdan ziyod ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Shundan 14 ming 274 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni tashkil etadi.
Ularning 234 nafari, shu jumladan 17 nafar xotin-qizlar rahbarlik, 2 ming 529 nafari mutaxassis lavozimlarida, 11 ming 511 nafari ishlab chiqarish korxonalarida mehnat faoliyatini yuritib kelmoqda.
2024-yilda 700 nafar mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga qabul qilingan bo‘lsa, 876 nafar yigit-qiz kollej va texnikumni tamomlab, ishga kirgani, yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishi kun sayin ortib borayotganini anglatadi.
Yosh mutaxassislarning tajriba orttirishini tashkil etish maqsadida ular xorij mamlakatlariga xizmat safarlariga va ta’lim olish uchun nufuzli oliy ta’lim muassasalariga yuborilmoqda. 2024-yilning o‘zida 388 nafar xodim xorijda tayyorlov va qayta tayyorlov kurslarida malaka oshirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yirik quvvatli issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bu ishlar, albatta, yetarli emasligi, oldinda katta rejalar turgani qayd etildi. Yosh xodimlarga bundan ham ko‘proq e’tibor qaratish, ularning iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun yetarli darajada sharoitlar yaratib berish kerakligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda talabalar va yosh xodimlar yoqilg‘i-energetika sohasida olib borayotgan ilmiy ishlari va tadqiqotlari, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan innovatsion g‘oyalar, turli muammolar hamda ularning yechimlari haqida so‘z yuritishdi, o‘zlarining qator takliflarini bildirdilar.
Muloqotda yosh mutaxassislar va talabalarning yangi loyihalari, xalqaro olimpiadalardagi ishtirok, sport komplekslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/63563
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati