2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Korrupsiyaga qarshi kurashish
O‘zbekiston BRM indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarildi
  • 25.06.2025
  • 3

Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network — SDSN) tomonidan 2025 yil uchun tayyorlangan navbatdagi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 73 ball to‘plab, 62-o‘rinni egalladi.

Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 19 pog‘onaga yaxshilanib, mamlakat Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida 2015 yildan buyon barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida e’tirof etildi.

Kuni kecha mazkur hisobotning rasmiy onlayn taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda SDSN muassislaridan biri, Kolumbiya universiteti professori Jeffri Saks, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev hamda boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu tadbir davomida O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini rivojlantirish, raqamli va “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, statistik ma’lumotlarni ochiqlash kabi yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Professor Jeffri Saks o‘z nutqida barqaror rivojlanishga erishishda siyosiy yetakchilik hal qiluvchi omil ekanini ta’kidlab, O‘zbekistondagi muvaffaqiyatlarni “katta siyosiy iroda va qat’iy yetakchilik natijasi” sifatida baholadi. Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, kambag‘allikni kamaytirish sohasidagi yutuqlar xalqaro ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Hisobotda qayd etilganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan institutsional va tarkibiy islohotlar mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeini sezilarli darajada yaxshilamoqda. Barqaror rivojlanish sohasidagi bunday ilg‘or natijalar mamlakatning global miqyosdagi nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/ozbekiston-brm-indeksida-19-pogonaga-kotarildi_733959

FacebookInstagramYouTube ‖ 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati