“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” (O‘zbekiston) AJ va “Shandong Electrical Engineering & Equipment Group Co., Ltd.” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi
2025-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-noyabrdagi PQ–363-sonli “Magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” investitsion loyihasi doirasidagi 2-Paket, 2-Lot bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur shartnoma “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamda “Shandong Electrical Engineering & Equipment Group Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalarini loyihalashtirish, yetkazib berish va o‘rnatish (EPC) ishlari bo‘yicha tuzildi.
⚡️ Loyihaning asosiy maqsadi — Toshkent shahrida joylashgan 220 kV kuchlanishli “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalarini zamonaviy elegaz izolyatsiyali komplekt taqsimlovchi qurilma (КРУЭ) podstansiyalariga aylantirishdir.
Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida quyidagi ustuvor natijalarga erishiladi:
♦ inson omilining ta’sirini minimallashtirish;
♦ tashqi iqlim sharoitlarining salbiy ta’sirini kamaytirish;
♦ ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning xavfsizligini oshirish;
♦ podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash;
♦ atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish;
♦ podstansiyalarning zamonaviy estetik ko‘rinishini shakllantirish;
♦ ish faoliyatini optimallashtirish;
♦ ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalardan foydalanish.
Mazkur loyiha O‘zbekiston energetika tizimini zamonaviylashtirish va uning barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
❗️Mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga tavsiyalar.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati