2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalari KRUE texnologiyasi asosida yangilanadi
  • 07.07.2025
  • 8

Mamlakatimizda energetika tizimini barqaror va zamonaviy asoslarda rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Elektr ta’minotining ishonchliligini ta’minlash, xavfsizlik darajasini oshirish va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida Toshkent shahridagi muhim podstansiyalarda zamonaviy uskunalar joriy etiladi.

Yaqinda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Shandong Electrical Engineering & Equipment Group Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida “Magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” investitsion loyihasi doirasida shartnoma imzolandi. Mazkur hujjat ijrosi Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan 2-Paket, 2-Lot bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shartnoma doirasida Toshkent shahrida joylashgan 220 kilovoltli “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalari zamonaviy elegaz izolyatsiyali komplekt taqsimlovchi qurilma (KRUE) podstansiyalariga aylantiriladi. Hujjatga ko‘ra, mazkur podstansiyalarni loyihalashtirish, yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib berish va o‘rnatish (EPC) ishlari to‘liq amalga oshiriladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida inson omili ta’sirini kamaytirish, tashqi iqlim sharoitlarining salbiy ta’sirini pasaytirish, ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsizligini oshirish, podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish, zamonaviy estetik ko‘rinishni shakllantirish, ish faoliyatini optimallashtirish hamda ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan uskunalardan foydalanish belgilangan.

Ta’kidlash joiz, Toshkent shahridagi “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalarining KRUE turiga o‘tkazilishi mamlakat energetika tizimini yangilashda muhim qadam hisoblanadi. Mazkur loyiha nafaqat poytaxt aholisini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, balki butun energetika infratuzilmasining zamonaviylashuviga xizmat qiladi. Shu orqali O‘zbekistonda elektr ta’minoti tizimining xavfsiz, samarali va ekologik jihatdan barqaror faoliyat yuritishiga zamin yaratiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati