2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
AOKA faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etiladi
  • 14.07.2025
  • 19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi. Ushbu Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular — taʼlim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

Endilikda har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha Prezident Administratsiyasi huzuridagi ilmiy-tahliliy institutlar tadqiqotlari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi.

Muhim yo‘nalishlar loyiha ofislari orqali amalga oshiriladi. Administratsiya faoliyatida “komplayens” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa shaffoflikni taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Ayrim yo‘nalishlarda Prezident vakillari lavozimlari joriy etildi. Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda.

Davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti yana-da mustahkamlanadi, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Farmon bilan vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladi. Bu bilan bog‘liq byurokratik jarayonlar qisqaradi, ular proaktiv faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.

Hukumat qarorlari, idoraviy hujjatlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari bilan tartibga solinadigan masalalar ro‘yxati belgilanadi.

Endilikda idoralar o‘zlariga tegishli sohani mustaqil tartibga solish vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qila oladi.

Idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qayta ishlash (tahrirlash) imkoniyati yaratiladi. Idoraviy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida ularga huquqiy normalarni kiritishga ruxsat etiladi.

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash nuqtai nazaridan samaradorligi oshiriladi.

Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklarning iqtisodiy, maʼmuriy va moliyaviy vakolatlari yana-da kengaytiriladi.

Farmon talablarini inobatga olgan holda Hukumat ijro apparati va ijro etuvchi organlarning shtat-tuzilmalari ham qayta ko‘rib chiqiladi va maqbullashtiriladi.

 

Manba: https://t.me/Press_Secretary_Uz/5962

https://t.me/Press_Secretary_Uz/5963

https://t.me/Press_Secretary_Uz/5964

https://t.me/Press_Secretary_Uz/5965

 

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati